BOTANIK KOLLEKTSIYA

BOTANIK KOLLEKTSIYA — ilmiy va amaliy ahamiyatga molik o’simlik formalari va turlarini muntazam ravishda yig’ib borish. Ular o’simliklarning jahon genetik fondini saqlash, o’rganish, selektsiya ishlarida foydalanish, tadqiq etish maqsadida yig’iladi. O’zbekiston o’simlikshunoslik ilmiy tadqiqot institutida mahalliy va chet ellarda ekiladigan 120 ekinning 50 mingdan ortiq nav namunalari to’plangan. O’zbekiston g’o’za selektsiyasi va urug’chiligi ilmiy tadqiqot institutida esa g’o’zaning madaniy va yovvoyi turlarini noyob jahon kollektsiyasi (10000 ga yaqin namuna) to’plangan. Botanik kollektsiya yangi materiallar bilan uzluksiz to’ldirib boriladi, urug’larning unuvchanlik qobiliyati va to’plangan namunalarning biologik aynanligi o’zidan changlanish hamda notipik o’simliklarni olib tashlash yo’li bilan saqlab turiladi, shuningdek ilgari tekshirib chiqilgan mamlakatlarga ekspeditsiyalar uyushtirib, to’planadigan materiallar hisobiga to’ldiriladi. O’simliklarning qimmatli formalari (genetik plazmalar) ni ularning kelib chiqish markazlari (Meksika, Gvatemala, Ekvador, Boliviya, Gonduras, Peru, Braziliya, Argentina, Venesuela, Avstraliya, Afrika, Markaziy Osiyo va boshqalar) da tabiiy populyasiyalar orasidan qidiriladi. Jahon kollektsiyasi materiallaridan yangi selektsiya navlarini chiqarishda foydalaniladi.