BOTTICHELLI
BOTTICHELLI (Botticelli; asli Alessandro Di Mariano Filipepi) Sandro (1445 — 1510) — italiyalik rangtasvir ustasi, Italiya ilk Uyg’onish davri Florentsiya rassomligi maktabining yirik vakili; Filippo Lippining shogirdi. Medichilar xonadoniga yaqin bo’lgan. Bottichelli asarlaridagi nafis va engil ifodali chiziqlarning musiqaviyligi, bir muncha sovuq va shaffof tiniq ranglar tizimi, kompozisiyadagi ritm nafosati va chuqur lirik tuyg’ularga boy tabiat kurinishlari uning asarlariga Bottichelligagina xos bo’lgan betakror latofat va ta’sirchanlik baxsh etadi. Bottichelli ma’jozii va antik mavzulardagi asarlar, jumladan, «Bahor» (1477 78), «Veneraning tug’ilishi» (1483— 84), «Madonna del Manifikat» (1482— 83), «Anorli Madonna» (1487), shuningdek Vatikandagi Sikstin kapellasi devoriy rasmlari (1481-82) hamda qator portretlar (mas, «Juliano Medichi», 1470-yillar) muallifi. 1490- yillardan Bottichelli asarlarida tushkunlik kayfiyati kuzatiladi: «Isoga aza tutish» (1490), «Tuhmat» (1495) va boshqalar. U Dantening «Ilohiy komediya»siga birinchi bo’lib rasm ishlagan san’atkorlardan (1492— 97). Bottichelli ijodi ko’pgina rassomlar ijodiga ta’sir etgan. Jumladan, o’zbekistonlik rassomlar R. Choriyev, J. Umarbekov va boshqalar ijodida bu ta’sirni sezish mumkin.