BOYONDUR
BOYONDUR, boyundur — qipchoqpar, o’g’uzlar, shuningdek turkmanlar tarkibiga kirgan turkiy qabila. O’g’uzlar tarkibidagi Boyondurlarning bir qismi 12-asrda Janub rus dashtlariga ko’chib kelib rus yilnomalarida berendeylar nomi bilan mashhur bo’lganlar. Ular bijanaklar va Torklar Ittifoqi tarkibida 12-asr 1-yarmidagi Rusning vassali hisoblanganlar. Torklar ruslar tomonidan tormor keltirilgach, Boyondurlar ulardan ajrab chiqib, aksariyati rus knyazlari xizmatiga kirgan. Boyondurlarning soni Tork va bijanaklarning umumiy sonidan ham oshiq bo’lgan, shu tufayli ular yilnomalarda tez-tez uchraganlar. Boyondurlar siyosiy jihatdan ancha faol bo’lganlar, 12-asr o’rtalariga kelib bijanaklar, Torklar va Boyondur yagona ittifoq — chernie klobuki (qoraqalpoqpar) Ittifoqiga birlashganlar. Saljuqiylarning Sulton Sanjar davrida o’g’uz udumlariga qat’iy rioya etilgan: harbiy qo’shinning so’l qanotiga qo’mondonlik qilish Boyondur va bijanak qabilalari vakiliga topshirilgan. Turkmanlarning Boyondur qabilasi oq qo’yunlilar sulolasiga asos solgan. Oq qo’yunlilar davlati zamonasida (14-asr oxiri — 16-asr boshlari) Dada Qo’rqut haqida Doston yaratilgan, unda barcha o’g’uzlarning xoni deb Boyondurxon ismi keltirilgan. Abulg’oziy Bahodirxoning yozishicha, Boyondurlar Iroqda ham yashaganlar.