BOYONXON
BOYONXON, Bayonxon (taxminan milodiy 6-asr o’rtasi — 7-asr 1-choragi) — turkiy qavmlar tomonidan Yevropada barpo etilgan Avar xoqonligi asoschisi, qahri qattiq, iqgidorli ulug’ sarkarda. Avarlar G’arbiy Kaspiy bo’yi dashtlaridan Turk xoqonligi va sosoniylar tazyiqi ostida 6-asr 50-yillari boshida Sharqiy Yevropaga kelganlar. 6-asr 50-yillari oxiri — 60-yillari boshida kuturgurlar bilan ittifoq bo’lib antlarga hujum qilib, yurtlarini talon-taroj qilishgan. Boyonxon rahbarligidagi avarlar harbiy yurishlari bilan 565 yildan boshlab Markaziy Yevropa xalqlariga dahshat sola boshlagan. 567 yil langobardlar bilan ittifoq tuzib gepidlarni tor-mor keltirib ularning Pannoniyadagi yerlarini egallaganlar; shu yerda Boyonxon yana bir qancha harbiy yurishlar va yangidan-yangi qabilalarni birlashtirganidan so’ng 6-asr 60-yillarida Avar xoqonligiga asos solgan. Boyonxon qo’l ostida ko’plab ko’chmanchi xalqlar — gunnlarning avlodlari birlashgan. Bu siyosiy birlashma xoqonlik, Boyonxon esa xoqon deb atala boshlagan. Xoqonlik hududida turkiy til ustivor bo’lgan. Boyonxon Pannoniyani xoqonlik markazi qilib tanlagan. Boyonxon qo’shinlari shu yerdan slavyanlar, franklar, langobardlar, gruzinlar va boshqa qabilalar, shuningdek Vizantiyaga yurishlar qilishgan. 6-asr 70-yillarida Boyonxon Vizantiya imperiyasiga muntazam ravishda chopqunlar qilib bir necha janglarda g’alaba qozongan. Dalmasiya va Illiriyani talon-taroj etgan va Vizantiyani ulkan tovon (tarixchi Feofanning yozishicha, uning miqdori 583 yilga kelib 120 ming solidni tashkil etgan) to’lashga majbur qilgan. 587 yil Meziya viloyatini, shuningdek Dorostol, Singidun, Markianopol shaharlarini vayron qilgan. Boyonxon 592 yil va 598 yil va undan keyingi yillarda Bolqon yarim oroliga bir necha bor yurishlar qilgan. 7-asr boshida Chexiya, Moraviya va Bogemiyani olgan, bir qancha janglarda franklarni yengib, ularning qiroli Sefertni asir olgan. Faqatgina ulkan tovon (fidya) tufayligina qirolni ozod etgan. Boyonxon Vizantiya imperatori iltimosiga ko’ra 60 ming kishilik qo’shini bilan 581 yil slavyanlar ustiga yurish qilib ularning ko’plab shahar, qishloqlarini g’orat qilib, boy o’ljani qo’lga kiritgan. Slavyanlardan qalin o’rmon ichiga qochganlarigina salomat qolgan. Boyonxon butun Dakiyani olgan, slavyanlarga askar berish majburiyatini yuklagan. 626 yil Vizantiya turk xoqonligi bilan o’ziga qarshi ittifoq tuzish uchun xufiyona harakat qilayotganidan xabardor bo’lgan Boyonxon Konstantinopolni qamal qilgan, biroq qo’shini tarkibidagi slavyanlar xiyonati tufayli shaxarni egallay olmagan. Tarixiy adabiyotlarda Boyonxonni bir necha bor Ammuaa va Chingizxon bilan qiyoslashgan. Ad.: Pletneva S. A., Kochevniki Srednevekovya. Poiski istoricheskix zakonomernostey, M., 1982; Hasan Ato Abushiy, turkiy qavmlar tarixi. T., 1993. Faxriddin Hasanov.