BO’ZATOV TUMANI
BO’ZATOV TUMANI — Qoraqalpog’iston Respublikasidagi tuman. 1979 yil 10 aprelda tashkil etilgan (1988 yil sentabrda tugatilib, 1990 yil martda qayta tuzilgan). Bo’zatov tumani shimolda Mo’ynoq tumani, g’arbda Qo’ng’irot, Qanliko’l tumanlari, sharqda Chimboy, Kegayli tumanlari, Janubda Nukus tumani bilan chegaradosh. Maydoni 1,98 ming kilometr kvadrat. Aholisi 20,0 mingdan ziyod kishi (2000). Bo’zatov tumanida 1 shaharcha (Qozonketkan) va 4 ovul fuqarolari yig’ini (Aspantay, Yorkindaryo, Ko’ksuv, Kuskanatov) bor. Markazi — Qozonketkan shaharchasi. Tabiati. Bo’zatov tumani Amudaryoning quyilish yerida joylashgan. Iqlimi keskin kontinental. Qishi sovuq, yozi issiq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -5°, iyulniki 28°. Yiliga 110 millimetrdan ziyod yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 90-100 kun. Amudaryo Bo’zatov tumanini G’arb va shimoli g’arbdan 98 kilometr masofada kesib o’tadi. Bo’zatov tumani hududida Dovutko’l suv ombori joylashgan. Tuprog’i toshli sho’rxok tuproq, sho’rxoklar tarqalgan, qo’riq yerlar bor. Butacha va buta o’simliklari o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, shaqal, tulki, to’ng’iz, quyon, qirg’ovul, g’oz, o’rdak va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan qoraqalpoq, o’zbek va qozoqlar, shuningdek rus, turkman va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga o’rtacha 8,7 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 4 ming, qishloq aholisi 15,8 ming. Xo’jaligi. Bo’zatov tumani qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Tumanda jami 7 shirkat xo’jaligi bo’lib, shundan 6 tasida chorvachilik bilan shug’ullaniladi, bittasida paxta yetishtiriladi. Tuman hududida Bo’zatov o’rmon xo’jaligi va «Asan» xususiy kichik korxonasi (xalq iste’moli mollari ishlab chiqariladi) bor. Kaolin va ohak xom ashyosi konlari topilgan. Umumiy ekin maydoni 14638 gektar, shu jumladan g’alla ekinlari 2116 gektar, texnika ekinlari 600 gektar, shundan paxta 570 gektar, yemxashak ekinlari va boshqalar 11254 gektar. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 25502 qoramol, 9028 qo’y echki, 1475 yilqi, 829 tuya bor. Tuman o’rmon xo’jaligining umumiy maydoni 26318 gektar, shundan o’rmonzorlar 8824 gektar, daraxtzorlar 107 gektar, bog’lar 12 gektar va boshqalar. Avtomobil transporti — tumanda yagona transport vositasidir. 1999/2000 o’quv yilida 16 umumiy ta’lim maktabi, 1 akademik litsey, 7 musiqa maktabi faoliyat ko’rsatdi. Tuman madaniyat uyi, qishloq klubi, avtoklub, kutubxona (qariyb 112 ming kitob va jurnallar), tuman Markaziy kasalxonasi, 95 o’rinli 2 qishloq kasalxonasi bor. Jami 34 vrach ishlaydi. 10 ming kishiga 17 vrach to’g’ri keladi.