BOZOR IQTISODIYOTI
BOZOR IQTISODIYOTI — tovar pul munosabatlariga asoslangan, turli mulkchilikka hamda iqtisodiy erkinlikka tayangan va raqobat vositasida boshqarilib turuvchi demokratik iqtisodiyot. Bozor iqtisodiyoti insoniyat taraqqiyotida mavjud bo’lgan eng progressiv va istiqbolli tizimdir. Bozor iqtisodiyotining asosini tovar ishlab chiqarish tashkil etadi, chunki bu yerda natural xo’jalik emas, balki tovar xo’jaligi hukmron bo’ladi. Yaratilgan mahsulotlar va xizmatlar tovar shakliga ega bo’ladi, ya’ni ular bozorda oldi-sotdi qilish uchun yaratiladi. Bozor iqtisodiyotiga barter emas, balki tovar ayirboshlash, ya’ni oldisotdi yuritish xos. Shu bois natural iste’mol o’rniga tovar iste’moli ustuvorlik qiladi. Bozor iqtisodiyoti iqtisodiy liberalizm, ya’ni erkinlik, mulkiy erkinlik va xo’jalik yuritish erkinligiga asoslanadi. Xususiy mulk asosiy bo’lgan holda boshqa mulk shakllari ham mavjud bo’ladi. Xilmaxil mulkchilik yoki barcha mulk shakllarining, chunonchi xususiy individual, xususiy korporativ, jamoa mulklari hamda davlat mulkinknt erkin rivojlanishi natijasida mulkiy muvozanat hosil bo’lib, hech bir mulk shaklining monopoliyasiga yo’l berilmaydi. Bozor iqtisodiyotida yakka tartibda, o’z mulki va mablag’iga tayangan holda, korporativ, sherikchilik asosida yer, bino, inshootlar, mashinalarni ijaraga olish, pulni qarzga ko’tarib ish yuritish usullari mavjud bo’ladi. Bozor iqtisodiyotining tayanchi tadbirkorlik bo’lib, u tovar va xizmatlarni bozorga yetkazib berish asosida foyda topishga qaratiladi. Tadbirkorlar maxsus toifani tashkil etadi va odatda, iqtisodiy faol aholining 7-10% ni tashkil etadi. Bozor iqtisodiyotida har bir kishi o’z manfaatidan kelib chiqqan holda, qo’lidan kelgan ishni qilib, ishlab topganini o’zi oladi. Nimani, qancha ishlab chiqarish, uni qayerda va necha puldan sotilishini bozorda talab belgilaydi. Bozordagi narx talabdan kelib chiqqan holda talab — taklif nisbati asosida shakllanadi. Bozor iqtisodiyoti iqtisodiy sub’yektlar alohidalashganidan ular manfaati to’qnashadi va shunday sharoitda raqobat paydo bo’ladi. Raqobat Bozor iqtisodiyotini harakatga soluvchi kuch, uning rivojlanishini ta’minlovchi mexanizm hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti boshqarishning iqtisodiy usullariga tayanadi. Bozor mexanizmi iqtisodiy rag’batlantirish mexanizmi bo’lib, uning asosiy vositasi puldir. Pul topishga intilish tovar va xizmatlarni ko’plab hamda sifatli qilib ishlab chiqarishni ta’minlaydi. Bozor iqtisodiyotida pul boylikning umumiy va eng qulay shakliga — hammabop iqtisodiy aloqalar vositasiga aylanadi. Bozor iqtisodiyotida boy bo’lish man etilmaydi, aksincha, unga yo’l ochib beriladi, daromadning yuqori chegarasi bo’lmaydi, ammo uning quyi chegarasini davlat belgilaydi va ishlovchilar mehnatiga beriladigan haq belgilangan eng kam ish haqidan past bo’lishi mumkin emas. Bozor iqtisodiyoti tovar taqchilligi bo’lmagan, tovarlar mo’l ko’lligi ta’minlanadigan iqtisodiyotdir. Bozor iqtisodiyotiga xos yana bir belgi — bu daromadlarda adolatli tengsizlikning bo’lishidir. Bozor iqtisodiyoti teng imkoniyatni bildiradi, ammo bu imkoniyatdan foydalanish kishilarda bir xil bo’lmaydi, har bir kishi ishlab topganiga qarab daromad ko’radi. Daromadning tabaqalashuvi boyishga havas uyg’otib, kishilarni iqtisodiy faollikka undaydi. Bozor iqtisodiyotida pul munosabatlari ustun bo’lsada, pul bilan bog’liq bo’lmagan insoniy munosabatlar: mehr-shafqat va xayr ehson munosabatlari ham rivoj topadi. Bozor iqtisodiyoti rivoj topgan mamlakatlarda katta xayriya pul fondlari muhtojlarga yordam berishga xizmat qiladi va puldan pul chiqarib olishni ko’zlamaydi. Bozor iqtisodiyoti doimiy rivojlanib, uning yangi shakllari va modellari paydo bo’ladi. Tarixan Bozor iqtisodiyotining 2 turi bo’lgan: yovvoyi Bozor iqtisodiyoti, madaniylashgan Bozor iqtisodiyoti Ilk Bozor iqtisodiyoti kapitalning jamg’arilishi davrida tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi bilan asov iqtisodiyot sifatida paydo bo’lib, unga xususiy mulkning ozchilik qo’lida to’planishi, iqtisodiyotda beboshlik va tartibsizlikning ustunligi, raqobatning qonunqoidasiz borishi, davlatning iqtisodiyotdan chetlashib qolishi, chuqur iqtisodiy tangliklarning tez-tez yuz berishi, aholining ijtimoiy himoya qilinmasligi, kishilarning o’ta boy va o’ta qashshoq tabaqalarga ajralishi, ijtimoiy ziddiyat kabi belgilar xos bo’lgan. Asov iqtisodiyot rivojlanish orqali ma’rifatli iqgisodiyotga o’sib o’tadi. Bunday o’zgarish Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda 20-asrning 30-yillarida boshlanib, 80-yillarga qadar davom etdi. Hozirgi Bozor iqtisodiyoti madaniylashgan iqtisodiyot bo’lib, unga quyidagi belgilar xos: mulkiy xilma xillik, tartiblanadigan iqtisodiyot, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi, madaniy va halol raqobat, kuchli hamkorlik aloqalari, iqtisodiy tangliklarning qisqa davrda va yengil kechishi, ommaviy farovonlik, ijtimoiy tabaqalanishning chuqur bo’lmasligi, o’ziga to’q va farovon yashovchi o’rtahol tabaqa mavqeining oshib borishi, ijtimoiy muvozanatning saqlanishi va fuqaroviy to’qnashuvlarga o’rin qolmasligi va boshqalar. Bu belgilar hozirgi Bozor iqtisodiyotini xarakterlaydi, lekin uning taraqqiyoti shu bilan cheklanmaydi. Madaniy Bozor iqtisodiyoti doirasida uning turli modellari amal qiladi. Ad.; Karimov I., O’zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo’lida, T., 1995; O’lmasov A., Sharifxo’jayev M., Iqtisodiyot nazariyasi, T., 1995; O’lmasov A., Iqtisodiyot asoslari, T., 1997; kurs ekonomiki, M., 1997; Chjen V. A., Bozor va ochiq iqtisodiyot, T., 1997. Tuxliev N., Bozorga o’tishning mashaqqatli yo’li, T., 1999. Ahmadjon O’lmasov, Sherqul Shodmonov.