BOZOR IQTISODIYOTIGA O’TISH

BOZOR IQTISODIYOTIGA O’TISH — an‘anaviy va rejali buyruqbozlik tuzumidagi iqtisodiy munosabatlardan bozor munosabatlariga o’tish jarayoni. Bu jarayon iqtisodiy zarurat, chunki an‘anaviy yoki rejali buyruqbozlik tizimlari barqaror iqtisodiy taraqqiyotni va xalq farovonligini ta‘minlay olmay qoladi hamda Bozor iqtisodiyotiga o’tish orqali iqtisodiy ravnaqqa erishish yo’li tanlanadi. Tarixan Bozor iqtisodiyotiga o’tishning uch yo’lini ko’rsatish mumkin: 1) an‘anaviy natural xo’jaligi iqtisodiyotidan Bozor iqtisodiyotiga o’tish; 2) qoloq va mustamlaka xarakteridagi iqtisodiyotdan Bozor iqtisodiyotiga o’tish; 3) rejali buyruqbozlik iqtisodiyotdan Bozor iqtisodiyotiga o’tish. Shunga ko’ra Bozor iqtisodiyotiga o’tishning ilk klassik modeli; mustamlakachilik zulmidan ozod bo’lgan Osiyo va Afrika mamlakatlari modeli; sobiq sotsialistik mamlakatlar modeli mavjud. Klassik model eng ko’hna model sifatida Yevropa mamlakatlariga xos bo’lgan. Bu yerda Bozor iqtisodiyotiga o’tish ko’p bosqichli bo’lib, asrlar davom etgan tabiiy-tarixiy jarayon shaklida kechgan. Dastlab an‘anaviy natural xo’jalik-mayda tovar xo’jaligiga, bu esa o’z navbatida asov bozor iqtisodiyotiga aylangan. Bozor iqtisodiyotiga o’tishga xos bo’‗’lgan qonuniyatlar Yevropa mamlakatlarida dastlabki sinovdan o’tgan. Osiyo va Afrika mamlakatlari modelini amalga oshirish to’plangan tarixiy tajribaga tayandi: an‘anaviy xo’jalikni bozor xo’jaligiga aylantirish mustamlakachilik zulmi sharoitida metropoliyalar ta’sirida boshlandi va ular manfaatiga xizmat qildi, bu jarayon sun‘iy ravishda to’xtatilmay, aksincha mamlakatlar ozodlikka erishgan sharoitlarda ham davom etdi, bozor munosabatlari o’z tabiatiga mos tushadigan iqtisodiy zamindan — xususiy mulkchilikdan o’sib chikdi, chet elning moddiy va moliyaviy yordamiga tayandi. Bozor iqtisodiyotiga o’tish jarayoni tarixiy sakrash shaklida, ya’ni Yevropa uchun muqarrar bo’lgan tarixiy bosqichlarni o’tamay, ularni chetlagan holda an‘anaviy iqtisodiyot yoxud rivojlanmagan bozor xo’jaligidan uning rivojlangan shakliga o’tish sari bormoqda. Bozor iqtisodiyotiga o’tishning eng so’nggi modeli sobiq sotsialistik mamlakatlar modeli bo’lib, o’tish bu mamlakatlarda rejali buyruqbozlik iqtisodiyotini qayta qurish asosida bormoqda. Sobiq sotsialistik mamlakatlarda Bozor iqtisodiyotiga o’tishning dastlabki shart-sharoiti har xil, shunga ko’ra aholi orasida bozor ko’nikmalari ham turlicha darajada saqlangan. Bu mamlakatlarda rejali buyruqbozlik xo’jaligidan bozor iqtisodiyotining zamonaviy taraqqiy etgan shakliga o’tiladi.