BOZOR ISLOHOTLARI
BOZOR ISLOHOTLARI — davlatning bozor iqtisodiyotiga o’tishni ta’minlashga qaratilgan ijtimoii, iqtisodiy chora-tadbirlari tizimi, iqtisodiy islohotlarnint tarkibiy qismi. Bozor islohotlari totalitar rejali iqtisodiyot hukmron bo’lib kelgan sobiq sosialistik mamlakatlarda bozor iqtisodiyotiga o’tishni ta’minlaydi. Bozor islohotlari jamiyatning iqtisodiy tuzumida tub o’zgarishlarga olib keladigan bir qancha yo’nalishlarda olib boriladi. Mulkiy islohotlar. Bunda mulkchilik munosabatlari o’zgartirilib, davlat mulki monopoliyasi tugatiladi, uning hisobidan boshqa mulklar, xususan jamoa mulki, hissadorlik mulki va xususiy mulk rivojlanadi; Agrar islohotlar. Yerga egalik qilish, xo’jalik yuritish usullarini o’zgartirish, yerni turli mulk ob’yektiga aylantirish, qishloqni fermerlashtirish, tomorqa xo’jaligini kengaytirish, ijara munosabatini rivojlantirish chora-tadbirlari o’tkaziladi. Agrar islohotlar pirovardida bozor iqtisodiyoti talablariga mos keladigan agrar tuzilmani yuzaga keltiradi. Moliya-kredit islohotlari. Moliya-kredit tizimini bozor talablariga binoan qayta qurish, byudjet tuzilmasini o’zgartirish, pul islohotini o’tkazish, tijorat banklari va mayda kredit tashkilotlari ochilishini, shuningdek yangicha valyuta munosabatlariga o’tish maqsadlarini ko’zlaydi. Infratuzilma islohotlari. Bozor munosabatlariga xizmat qiluvchi intlar (muassasa, tashkilot, idoralar) ni tashkil etishni bildiradi, bular jumlasiga birjalar, brokerlik idoralari, trast kompaniyalari, banklar, sug’urta kompaniyalari, auditorlik firmalari kabilar kiradi.Tashqi iqtisodiy aloqalar islohotlari. Ularga mamlakat milliy iqtisodiyotini jahon iqtisodiyotiga qo’shilishini ta’minlaydigan choratadbirlar, jumladan eksport va import, bojxona siyosati, chetdan qarz olish, xorijiy moliya tashkilotlari bilan aloqa o’rnatish, chetga kapital, ish kuchi chiqarish va boshqalarga oid chora-tadbirlar kiradi. Sotsial (ijtimoiy) islohotlar. Daromadlarni davlat ishtirokida taqsimlash, aholini qimmatchilikdan himoya qilish, aholining nochor qatlamlariga yordam berish, ishsizlik nafaqasini joriy etish, pensiya, sosial sug’urta fondlari, turli xayriya jamg’armalarini uyushtirishga taalluqli chora-tadbirlarni o’z ichiga oladi. Bozor islohotlari bir butun majmua bo’lib, ular ijtimoiy va iqtisodiy hayotning hamma jabhalarini qamrab oladi, yangi va yaxlit iqtisodiy mexanizmni yuzaga keltiradi. Bozor islohotlarining umumiy talablari bir xil, lekin ularni amalga oshirish mamlakatning tanlagan modeliga, uning aniq sharoitiga qarab turlicha kechadi. O’zbekistonda Bozor islohotlari bozor iqtisodiyotiga o’tishdagi O’zbekiston modelining umumiy va xususiy jihatlarini hisobga olgan holda o’tkazilmoqda. O’zbekistonda Bozor islohotlari 1991 yildan — Mustaqillik e’lon qilingandan so’ng boshlangan. Prezident I.A. Karimov asoslab bergan besh tamoyil Bozor islohotlari strategiyasi va taktikasining kontseptual asosini tashkil etadi. 1991 yildan 1994 yilning o’rtalarigacha davom etgan Bozor islohotlari birinchi bosqichida islohotlarning huquqiy negizi yaratildi, kichik xususiylashtirish amalga oshirilib, mahalliy sanoat, savdo-sotiq, maishiy xizmat sohalari davlat tasarrufidan chiqarildi, iqtisodiyotning nodavlat sektoriga asos solindi. 1994 yilda nodavlat sektorida milliy daromadning 53% yaratildi. Bu bosqichda agrar sektorni isloh qilish shaxsiy xo’jaliklarga yer berish, xo’jaliklarda fermerlashtirish shaklida yuz berdi. Davlat narxlaridan sekin-asta erkin bozor narxlariga o’tildi, bozor infratuzilmasi shakllantirildi, boshqarishning iqtisodiy usuliga o’tila boshlandi. Ijtimoiy islohotlarning dastlabki bosqichida barchani qimmatchilikdan himoya qilish, so’ngra muhtoj oilalarni himoya qilish choralari qo’llandi. Bozor islohotlarining ikkinchi bosqichi 1994 yil o’rtalaridan 1997 yil o’rtalarigacha davom etdi. Bu bosqichda mulkni xususiylashtirish davom ettirildi, o’rta va yirik korxonalar ham davlat tasarrufidan chiqarilib, ularning ko’pchiligi ochiq aktsiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi. 1997 yil kelib iqtisodiyotning nodavlat sektorida milliy daromadning 67% yaratildi, milliy pul — so’m muomalaga kiritildi (1994 yil 1 iyul) va yagona to’lov vositasi deb e’tirof etildi, uning mamlakat ichidagi konvertasiyasi ta’minlandi. Bozor islohotlarining uchinchi bosqichi 1997 yil o’rtalaridan boshlanib, u yangi mulkdorlar sinfini shakllantirish, qishloqda paychilik mulkiga o’tish, xorij investitsiyalarini faol jalb etish, iqtisodiyot sub’yektlarini moliyaviy sog’lomlashtirish, fermer xo’jaliklarini rivojlantirish, dehqon xo’jaliklarini yangicha tashkil etish, kichik va o’rta biznesni mustahkamlash, qimmatli qog’ozlar bozorini kengaytirib, unga xorij kapitalini jalb etish har xil ustuvor chora-tadbirlarni o’z ichiga oladi. Ad.: Karimov I., O’zbekiston — bozor munosabatlariga o’tishning o’ziga xos yo’li, T., 1993; Karimov I., O’zbekiston bozor islohotlarini chuqurlashtirish yo’lida, T., 1995; Karimov I., O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, T., 1997; Chjen V. A., Osnovi privatizatsii, T., 1996. Ahmadjon O’lmasov.