BOZOR KON’YUNKTURASI

BOZOR KON’YUNKTURASI — muayyan davrdagi bozor holati; bozorda muvozanatning mavjudligi yoki buzilganligi bilan xarakterlanadi. Shunga ko’ra Bozor kon’yukturasi ijobiy va salbiy, qulay yoki noqulay bo’lishi mumkin. Bozor kon’yukturasi talabning oshishi bilan xarakterlansa, sotuvchi uchun qulay, chunki u tovarini qimmatga sotib, ortiqcha daromad kuradi. Agar bozorda taklif oshib ketsa, kon’yunktura xaridor uchun qulay bo’ladi — tovarni arzonga olib, naf ko’radi. Bozor kon’yukturasini o’rganishda tahlil etiladigan asosiy masalalar: ishlab chiqarish, talab va taklif; tovar va uni sotish; xalqaro savdo; narxlar holatlari; 1-1,5 yil uchun oldindan ayrim taxminlar. Bozor kon’yukturasi ayrim tovar ishlab chiqarish miqyosiga va sotib oluvchilarning xarid qobiliyatiga, narx navoga, modaning o’zgarishiga qarab har xil bo’ladi. Bozorning kelajakdagi holatini — tovarlar taklifini ishlab chiqarishning texnikaviy ahvoli, unga sarflangan qo’shimcha resurslar va ularning qaytim berish muddatlari, tovar zaxiralari o’sishi, eksport va import, shuningdek narx navodagi o’zgarishlar yo’nalishiga qarab aniqlash mumkin, ikkinchi tomondan, investitsiya summasi va tarkibiga. korxona, tashkilotlar pul sarfining yo’nalishiga qarab, shuningdek aholi xarid qobiliyatini, uning tovarlar bilan ta’minlanishi darajasini hisobga olib tovarlar talabi o’rganiladi. Bozor kon’yukturasini o’rganish marketingning zaruriy shartlaridan biridir. Buning uchun dastlab o’rganilishi lozim bo’lgan ob’yekt aniqlanib, kon’yunktura ma’lumotlarini beruvchi manbalar va asosiy ko’rsatkichlar bilan tanishib chiqiladi, to’plangan ma’lumotlarga tayanib Bozor kon’yukturasining haqiqiy holati aniqlanadi va istiqbollar belgilanadi. Bozor kon’yukturasi taxminlari millim, mintaqaviy va jahon bozorlariga, ayrim tovarlarga nisbatan aniqlanadi. Bozor kon’yukturasini oldindan ko’ra bilish iqtisodiy tanglikka yo’liqmaslik, bozor muvozanatiga erishish sharti hisoblanadi. Ahmadjon O’lmasov.