BO’ZSUV
BO’ZSUV — Chirchiq daryosidan chiqarilgan qadimgi kanal. Bo’zsuv Chirchiqning o’ng sohilidagi qadimgi terassalar bo’ylab shimoli sharqdan Janubi g’arbga tomon yo’nalib, Toshkent viloyati Qibray, Zangiota va Yangiyo’l tumanlari, Toshkent shahri hududi, shuningdek Qozog’iston Respublikasi yerlaridan o’tib, Chinoz yaqinida Sirdaryoga quyiladi. Uzunligi 159 kilometr. Boshlanishi qismida suv sarfi 310 m3/sek, 10 gesdan quyida 110 metr kub (ortiqcha suv Chirchiq daryosiga tashlanadi). Bo’zsuvning o’zani egribugri, kengligi 10-20 metr. Quyi oqimida 30 metrgacha chuqur dara hosil qilgan. Bo’zsuvdan har ikki tomonga suv sarfi 0,5 m3/s dan 35 m3/s gacha bo’lgan, irrigatsiya va sanoat uchun mo’ljallangan katta-kichik 23 kanal chiqarilgan. Eng yiriklari: o’ng sohil Qorasuv, Salor, Kaykovus, Anhor, Iskandar, Yuqori Toshkent, Jo’n, Kurkuldak, Niyozboshi, Shimoliy Toshkent kanallari, Bo’rjar tashlamasi. Salor, Kaykovus, Qorasuv va Anhor Toshkent shahridan o’tib, shaharni suv bilan ta’minlaydi. Bo’zsuv va undan chiqarilgan kanallarning umumiy uzunligi 400 kilometrdan oshadi. Bo’zsuv suvi bilan Toshkent viloyati Zangiota, Qibray, Yangiyo’l tumanlari va Qozog’istonning Chimkent viloyatidagi 140 ming gektar yer suv bilan ta’minlanadi. 1936 yilgacha Chirchiqdan suvni Baytqo’rg’on qishlog’idan yuqoridagi Yumaloqtepa suv bo’lgichidan olgan, suv sarfi 90 metr kub bo’lib, taxminan 65 ming gektar yerni sug’organ. 1940 yilda yangi GESlar qurilishi munosabati bilan G’azalkent yaqinida Chirchiq daryosiga bosh to’g’on qurildi va kanalga suv daryodan chiqarilgan derivasion kanal orqali olinadigan bo’ldi. 1926-54 yillarda Bo’zsuv kanalida 16 GES (Oqqovoq2, Oqqovoq3, Qodriya, Salor, Bo’zsuv, Shayxontohur, Bo’rjar, Oqtepa, Quyi Bo’zsuv 1,2,3,4,6 va boshqalar) dan iborat Chirchiq Bo’zsuv gidroenergetika kaskadi barpo qilingan. O’zbekistondagi birinchi GES— Bo’zsuv GES shu kanalda qurilib, ishga tushirilgan (1926). Kanalda GESlardan tashqari suv to’suvchi qurilmalar, nasos stansiyalari, suv oluvchi inshootlar, ostonali sharsharalar va boshqa muhandislik inshootlari qurilgan. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan keyin Bo’zsuvda, jumladan 1995-2000 yillarda uning Anhor tarmog’ida oqimni tartibga solish, qirg’oqlarni mustahkamlash va sohil bo’ylarini obodonlashtirish bo’yicha katta ishlar amalga oshirildi. Sharif Hamdamov.
BO’ZSUV — Toshkent viloyati Yangiyo’l tumanidagi shaharcha (1974 yildan). Yaqin temir yo’l stantsiyasi— Yangiyo’l (23 kilometr). Aholisi 4,7 ming kishi (1999). Bo’zsuvda umumiy ta’lim maktablari, bog’chalar, kinoteatr, kasalxona, dorixona, maishiy xizmat ko’rsatish korxonalari bor.