BO’ZSUV MAKONLARI

BO’ZSUV MAKONLARI — Bo’zsuv kanali yonida joylashgan ibtidoiy odamlar makonlari. Toshkent shahridan 12— 15 kilometr shimoli g’arbda. Makonlardan biri — Shoimko’prikni (1901) A. P. Pavlov, ikkinchisi — Sho’ralisoy yoqasidagini (1955) O. I. Islomov topgan. Shoim Ko’prik makonini G. V. Parfenov, Sho’ralisoy yoqasidagi makonni A. P. Okladnikov o’rgandi. Har ikkala makondan muste va yuqori paleolit davriga xos pichoqsimon plastina, qirg’ich, nukleus, chaqmoqtoshdan yasalgan qurollar va turli hayvonlar suyagi topildi. Bo’zsuv kanali yoqalab olib borilgan keyingi tekshirishlar natijasida paleolit davriga oid Bo’zsuv III, IV va V kabi yangi makonlar ochildi. Bo’zsuv makonlarida olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari bu yerdagi ibtidoiy odamlar muste va yuqori paleolit davrida yashagan bo’lib, yodgorlikning yuqori paleolit bosqichida uning aholisi urug’ jamoasi bo’lib yashaganligini ko’rsatdi.