Brahmanlar
Brahmanlar-1) Hindistondagi oliy kastalardan biri. Kelib chiqishi bo’yicha kohinlarning qadimgi tabaqasi (varna)ga mansub. Qadimgi Brahmanlar kohinlar vazifasini o’tab, qurbonlik marosimlariga rahbarlik qilgan, xalq orasida vedalarni targ’ib etish bilan shug’ullangan. O’rta asrlar davrida esa davlat ishlarida ham qatnashib, ko’proq qozilik lavozimini egallagan; 2) asosan, veda diniga xos rasm-rusumlar bayoni va sharhidan iborat qadimgi hind muqaddas kitoblari (miloddan avvalgi VIII-VI asrlar) bo’lib, ular vedalarni mazmunan to’ldiradi. Qurbonlikning ahamiyatini ko’rsatish, yer xudolari-kohinlarni osmon xudolaridan yuqori qo’yish Brahmanlarning asosiy g’oyasidir. Brahmanlarda qadimgi hind hunarmandchiligi, grammatikasi, astronomiyasi, falsafasi va boshqalar xususida ham ma’lumotlar bor.