BRAKONIDLAR
BRAKONIDLAR (Braconidae) pardaqanotlipar turkumiga mansub foydali (entomofag) hasharotlar oilasi. Tanasining uzunligi 5-15 millimetr. Qornining dastlabki 3 bo’g’imi (segmenti) kalta, ba’zan birinchisi bir oz uzunroq. Oyoqlari, odatda ixcham, boldirida pixi bor, o’tirg’ich yoki poyasimon qorinli; 2—3 bo’g’imlari o’zaro harakatsiz birikkan. Qattiq qanotlilar, tangaqanotlilar, tengqanotlilar turkumi vakillarida parazitlik bilan hayot kechiradi. Brakonidlarning ko’pgina turlari qandalalar, qo’ngazlar, kapalaklar, arrakashlar, chumolilar va pashshalarning ichki parazitidir. Voyaga yetgan Brakonidlar gul nektari yoki so’ruvchi hasharotlarning chiqindilari (shirasimon suyuqlik) bilan oziqlanadi. Katta yoshdagi lichinkasi xo’jayin qurtida qishlaydi. Yilda 5— 6 avlod beradi. Brakonidlarning ko’pchiligi serpusht (1000 tagacha tuxum qo’yadi). O’rta Osiyoning sug’oriladigan dehqonchilik mintaqasida Brakonidlarning eshilgan apanteles (Apanteles condestus Nees.), porac (Rhogas dimidiatus Spin), mikroplitus (Microplitis spectabilis Hal.), amikroplus [Amicroplus (Macrocentrus) collaris Spin.], brakon (Habrobracon hebetor Say.) va boshqa turlari tarqalgan. Qishloq xo’jaligida Brakonidlar ko’pgina vakillaridan zararkunanda hasharotlarga qarshi biologik kurashda keng foydalaniladi.