BRANDENBURG

BRANDENBURG — Germaniya yeri. Maydoni 20 ming kilometr kvadrat. Aholisi 2,5 million kishi (1994). Ma’muriy markazi — Potsdam shahri. Brandenburg markazida yer huquqiga ega bo’lgan alohida ma’muriy birlik, mamlakat poytaxti — Berlin shahri joylashgan. Brandenburgda aholi zichligi boshqa yerlarga nisbatan kam. O’rta asrlarda Brandenburg o’rnida aholisi asosan Gollandiya, Chexiya va Frantsiyadan badarg’a qilinganlardan iborat nemis knyazligi bo’lgan. 1356 yildan kurfyurstlik (1415 yildan Gogensollernlar boshqardilar; 1486 yildan ularning qarorgohi Berlin edi); 1618 yildan Brandenburg Prussiya davlatidagi Prussiya gersogligi bilan birlashdi. 1815-1945 yillarda Prussiya provintsiyasi, so’ngra Germaniya yeri bo’lib, 2-jahon urushidan so’ng Brandenburg viloyatlarining katta qismi sovet okkupatsiyasi zonasiga kirdi, 1949 yildan GDR tasarrufida, 1990 yilda GDR va GFR qo’shilgandan so’ng, Birlashgan Germaniya tarkibida. Brandenburg Germaniyaning yangi yerlari ichida maydoni jihatidan eng kattasi. Maydonining 35% o’rmon. Brandenburgdan Xavel va Shpre daryolari oqib o’tadi. Tabiat muhofazasiga e’tibor kuchli. Tabiat parklari, qo’riqxonalar va rezervatlar ko’p. Brandenburg industrial agrar rayon. Qishloq xo’jaligi va o’rmonchilik Brandenburg iqtisodiyotida muhim o’rin tutadi. Butshoy, javdar, kartoshka, qand lavlagi, moyli o’simliklar ekiladi, Berlin hamda Oderburx shaharlari atrofida sabzavot va meva yetishtiriladi. Transport mashinasozligi, stanoklar ishlab chiqarish, elektronika, energetika, oziq-ovqat va kimyo sanoati rivojlangan. Sanoatlashgan qismi — Ayzenxyuttenshtadt (po’lat quyish) va Kotbus (qo’ng’ir ko’mir qazib olish, kimyo sanoati va energetika). Berlindan Janubda, Lyudvigsfeldda tayyor qismlardan yuk mashinalari yig’iladi. Frankfurtoderda elektrotexnika sanoati va priborlar ishlab chiqarish korxonalari bor. 13-15-asrlarga oid me’moriy yodgorliklar saqlangan.

BRANDENBURG — Germaniyaning Brandenburg eridagi shahar. Xafel daryosi (Elba irmog’i) bo’yidagi port. Aholisi 95 ming kishidan ziyod. Yirik transport yo’llari tuguni. Po’lat quyish va po’lat prokati tayyorlash markazlaridan. Metallurgiya, metall konstruktsiyalar, traktorsozlik, daryo kemasozligi, yog’ochsozlik, qog’oz, to’qimachilik, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Shaharga taxminan 1170-yillarda asos solingan.