Braziliya

Rasmiy nomi — Braziliya Federativ Respublikasi. Poytaxti — Brazilia. Hududi — 8547,4 ming km.kv. Davlat tili — Portugal. Dini — katolik. Pul birligi — real.
Geografik joylashuvi va tabiati. Janubiy Amerikaning sharqiy va markaziy qismida joylashgan davlat. Janubiy Amerika hududining deyarli yarmini egallagan, qit’adagi eng yirik davlatdir. Shimolda — Venesuela, Gayana, Surinam, Fransuz Gvianasi, shimoli g‘arbda — Kolumbiya, g‘arbda — Peru, Boliviya, Paragvay, Argentina, janubda Urugvay davlatlari bilan chegaradosh. Shimoliy va sharqiy qirg‘oqlari Atlantika okeani bilan tutashgan. Mamlakat relyefini Brazil tekis tog‘liklari, janubiy balandlik qismini cho‘kmalar, tepalikli tekisliklar, daryo vodiylari va shimoliy Amazoniya vodiysi egallagan. Amazonka daryosi havzasi Braziliya maydonining 1/3 qismidan ortiqrog’ini egallagan bo’lib, dunyodagi chuchuk suv zaxiralarining 1/5 qismini tashkil etadi. Mamlakat shimolida Gviana tekistog’liklari joylashgan. Braziliyaning eng yuqori nuqtasi ham aynan shu yerda bo‘lib, bu Piko-de Neblina (3014 m) tog‘idir.  Iqlimi. Braziliya turli iqlim zonalarda joylashgan. G‘arbda — ekvatorial, sharqda va markazda — subekvatorial, sharqda — tropik, janubda — subtropik. Asosiy daryolari: Amazonka, Parana, San-Fransisku, Urugvay, Paragvay. Tabiiy boyliklardan temir rudasi, qo‘rg‘oshin, aluminiy, uran, marganes, neft, ko‘mir, tabiiy gaz va yog‘och zaxiralari mavjud. O‘simlik dunyosi ham juda boy bo‘lib, 4000 turdan ziyod daraxtlar mavjud. Hayvonlardan — maymunlar, yaguar, puma, tulki, chumolixo‘rlarni uchratish mumkin. Ilonlardan — anakonda, boa bo‘g‘ma iloni, bushmaster (zaharli ilon)lar mavjud. Daryolarida xavfli hisoblangan piranya va kaymanlar mavjud.
Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat va hukumat boshligi — prezident. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni ikki palatali Senat va Deputatlar palatasi- dan tashkil topgan — Milliy Kongress amalga oshiradi. Braziliya 26 ta shtat va 1 ta poytaxt federal okrugiga bo‘lingan respublikadir. 
Siyosiy partiyalari: Braziliya sotsial-demokratik partiyasi, Braziliya demokratik harakat partiyasi, Mehnatkashlar partiyasi, Liberal front partiyasi, Milliy qayta tiklanish partiyasi.
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Braziliya bozor iqtisodi munosabatlarining yuqori rivojlanish darajasiga ega bo‘lgan industrial-agrar mamlakat. Sanoatining rivojlangan sohalari quyidagilardan iborat: mashinasozlik (avtomobilsozlik va samolyotsozlik), elektron hisoblash texnikasi, metallurgiya, kimyo, yog’ochni qayta ishlash, to‘qimachilik; qahva, shakarqamish, sitruslar, soya, какао, guruch, manioka o‘stiriladi va ishlov beriladi. Chorvachilik rivojlangan. Qoramol, cho‘chqa, qo‘y, yilqi boqiladi, parrandachilik yaxshi rivojlangan. Braziliya qishloq xo‘jalik mahsulot­lari eksporti bo‘yicha dunyoda uchinchi o’rinda turadi. Asosiy savdo hamkorlari: Lotin Amerikasi mamlakatlari, AQSH, YI mamlakatlari, Osiyo mamlakatlari. Avtomobil, temiryo‘l transporti va daryo kema qatnovlari mamlakat iqtisodida muhim o‘rin tutadi. Asosiy portlari: Fortaleza, Salvador, Rio-de-Janeyro, Portu-Alegri, Paramaribo.
Tarixi. Qadimda Braziliya hududida hindu qabilalaridan tupiguaranlar, kariblar, aravaklar, pano, gelar istiqomat qilishgan. Portugallar tomonidan Braziliya hududi kashf qilingandan so‘ng Portugaliya uni mustamlakaga aylantirdi. Mahalliy aholi shakarqamish plantatsiyalarida ishlatilgan. Afrikadan olib kelingan negrlar ham qullarga aylantirilgan. XIX asr boshlarida Napoleon urushlari davrida Portugaliya qiroli Joao VI Braziliyaga qochib kelib, bu yerda portugal imperiyasiga asos soldi. 1782-yilda qirol vataniga qaytdi, Braziliyada esa uning o’miga o’g’li Pedro I qolib mamlakat idora qilishni boshladi. Tez orada Braziliya mustaqil davlat deb e’lon qilindi. 1888-yili mamlakatda qullik bekor qilindi, 1891-yilda esa Braziliya Qo’shma Shtatlari nomini olgan federativ respublika tashkil topganligi e’lon qilindi. 1930-yili hokimiyatni harbiy xunta egalladi. Bir qator harbiy to’ntarishlardan so’ng, 1985-yilda hokimiyat tepasiga fuqarolik hukumati keldi va mam­lakat demokratik rivojlanish yo’liga o’tdi. Hozir dunyoning eng jadal rivojlanayotgan mamlakatlaridan biri hisoblanadi.