BRAZZAVIL

BRAZZAVIL — Kongo Respublikasining poytaxti. Kongo daryosi quyi oqimining o’ng sohilida. Mamlakatning eng yirik port shahri. Brazzavil Kongoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Aholisi 650 ming kishi (1997). Brazzavilga 1880 yil frantsuz sayyohi va mustamlakachisi Per Savornyan de Brazza asos solgan. Brazzavil 1910-58 yillarda Frantsiya Ekvatorial Afrikasi federasiyasi va O’rta Kongoning ma’muriy markazi. 2-jahon urushi davrida general de Goll boshchiligidagi «Ozod Frantsiya» harakatining asosiy tayanch punktlaridan biri bo’lgan. 1958— 60 yillar Muxtor Kongo, 1960 yildan Kongo Respublikasi poytaxti. Brazzavil mamlakatning transport, asosiy savdo-sanoat va moliya markazi. Dare porti. Temir yo’l va shosse orqali dengiz porti Puentnuar bilan bog’langan. Brazzavilda ip yigirish, to’qimachilik, kimyo (plastmassa buyumlar, sun’iy matolar, bo’yoq ishch.), sigareta, gugurt fkalari, oziq-ovqat sanoati va boshqa korxonalar, xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan aeroport bor. Baliq quritiladi va dudlanadi. Kema tuzatish korxonalari ishlab turibdi. Hunarmandchilik (yog’ochdan turli buyumlar yasash, badiiy keramika) rivojlangan. Shahar yakinida GES qurilgan. Markaziy Afrika tadqiqot instituti, Paster instituti, universitet, milliy muzey bor.