BREMEN
BREMEN — Germaniya yeri yoki erkin Ganza shahri. Shimoliy Germaniya pasttekisligida, Vezer daryosining Shimoliy dengizga quyilish joyida, bir-biridan 65 kilometr masofada joylashgan ikki shahar — Bremen va Bremerxafenni (avanport) o’z ichiga oladi, bu ikki shahar oralig’idagi yerlar quyi Saksoniya hududi tarkibida. Maydoni 404 kilometr kvadrat. Aholisi 680 ming kishi (1995). Bremen — Germaniya yerlarining eng kichigi. Ma’muriy markazi — Bremen shahri. Bremenga 787 yilda episkop qarorgohi sifatida asos solingan. 11-asrda u «Shimoliy Rim» deb atalgan. 1358 yilda Bremen Ganza shaharlari Ittifoqi a’zosi bo’lgan. 1646 yilda Erkin imperiya shahri huquqini olgan. 1618-48 yillardagi 30 yillik urushdan so’ng Bremen Shvetsiya tarkibiga, 1715 yilda Gannoverga o’tdi. 1815 yilda erkin shahar deb e’lon qilindi. 1871 yildan Germaniya tarkibidagi erkin shahar. Iqtisodining poydevorini port xo’jaligi, xalqaro savdo va yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish tashkil etadi. Mamlakatning eng yirik dengiz portlari shu shaharlarda joylashgan, ular yuk ortish va tushirish jihatidan dunyoda etakchi o’rinni egallaydi. Bremerxafen portila yuklarning katta qismi konteynerlarda qabul qilinadi va jo’natiladi. Bu portlarda dengiz kemalariga tezkorlik bilan xizmat ko’rsatiladi. Sanoatida kemasozlik yetakchi o’rinda. Aviasozlik va kosmonavtika sanoati hajmi jihatidan va bu sohalarda yangi texnologiyalarni yaratish va joriy etish bo’yicha muhim ahamiyatga ega. Avtomobilsozlik, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Bremerxafenda Germaniya qutbni o’rganish markazi joylashgan. Iqtisodining yana bir muhim tarmog’i — turizm. Dunyoga mashhur kemasozlik muzeyi, universitet, ilmiy tadqiqot institutlari, san’at maktabi bor. Qadimgi Bremen SanktPetri gotika sobori, Uyg’onish davrida qurilgan binolari bilan mashhur.
BREMEN — Germaniyadagi shaxar, Bremen yerining ma’muriy markazi. Aholisi 553 ming kishidan ziyod (1990- yillar o’rtalari). Vezer daryosining har ikki sohilida. Germaniyaning yirik daryo va dengiz porti (yuk ortish va tushirish 20 million tonna atrofida). Transport yo’llari tuguni. Sanoat tarmoqlaridan mashinasozlik, jumladan kemasozlik va avtomobilsozlik, elektrotexnika, to’qimachilik, oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Metallurgiya, kimyo va yog’ochsozlik sanoati korxonalari bor. Bremenning savdo tijorat binolari Vezer daryosi o’ng sohilidagi Altshtadt qismida. Bu yerda o’rta asr me’moriy yodgorliklari — sobor (11-asr), shahar boshqarmasi binosi (1405-1617), «Roland» ustunlari (1404), gotika cherkovi (13-asr) bor. Shahar ilk bor 787 yilga oid manbalarda tilga olingan. O’rta asrlarda Ganzaning muhim shaharlaridan hisoblangan. 1646 yildan erkin imperiya shahri, 1815-1933 yillarda erkin shahar. Universitet, Kunstxalle muzeyi va institut bor.