BREST
BREST (1921 yilgacha Brest-Litovsk, 1939 yilgacha Brest-lug) — Belorussiyadagi shahar. Brest viloyatining ma’muriy markazi. Muxaves daryosi G’arbiy bug’ daryosiga quyilish yerida. Daryo porti va temir yo’l tuguni. Aholisi 278 ming kishi (1999). Dastlab 1017 yilgi solnomalarda Bereste nomi bilan tilga olingan. 11 asrda Turov knyazligi qo’l ostida bo’lgan. 1044 yilda Kiyev knyazligi bosib olgan va 12-asr o’rtalaridan Volinsk knyazligiga tobe bo’lgan. 1319 yilda Litva knyazligi bosib olgan. Lyublin uniyasi bo’yicha Brest 1569 yil Rech Pospolita tarkibiga kirgan. 1596 yil Brestda Brest uniyasi e’lon kilindi. 1795 yilda Brestni Rossiya bosib oldi. 19-asrning 30-yillaridan boshlab Brest qal’a bilan mustahkamlandi. 20-asr boshlarida Brest Rossiya imperiyasining g’arbiy chegarasidagi eng mustahkam qal’aga aylandi. 1918 yil Brestda Rossiya bilan Germaniya o’rtasida Brest sulhi tuzildi. 1919 yildan Brest Polsha, 1939 yildan Belorussiya tarkibida. Urush yillarida (1941-45) Brestda shiddatli janglar bo’lgan. Brest 1944 yildan keyin qayta tiklandi va zamonaviy binolar qurilishi hisobiga kengaydi. Brest— yirik sanoat va madaniyat markazi. Mashinasozlik, yengil, oziq-ovqat sanoati korxonalari ishlab turibdi. Uy-ro’zg’or kimyosi mahsulotlari, qurilish materiallari, mebel ishlab chiqariladi. 2 oliy o’quv yurti, 2 teatr, o’lkashunoslik muzeyi va Brest qal’asi mudofaasi muzeyi bor.
BREST — Frantsiyaning shimoli g’arbidagi shahar. Aholisi 148 ming kishidan ziyod (1996). Atlantika okeani bo’yidagi yirik savdo markazi va dengiz arsenali. Mashinasozlik, jumladan kemasozlik, to’qimachilik, kimyo, oziq-ovqat sanoati korxonalari, dengizchilik maktabi, ratusha, birja, teatr bor.