BRISBEN

BRISBEN, Brisbeyn — Avstraliya Ittifoqining sharqidagi shahar. Tinch okean sohilida. Kvinslend shtatining ma’muriy markazi. Aholisi shahar atrofi bilan birga 1,5 million kishi (1996). Brisben daryosi Morton qo’ltig’iga quyiladigan joydagi dengiz porti. Temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni. Mamlakatning industriya va madaniy markazlaridan. Shtatdagi sanoat korxonalarining deyarli yarmi Brisbenda to’plangan. Metallurgiya, neftni qayta ishlash, kimyo, mashinasozlik (kemasozlik, avtomobil yig’ish, qishloq xo’jalik mashinalari ishlab chiqarish), oziq-ovqat (shakarqand va un tortish zavodlari, go’sht, meva va sabzavot konservalari tayyorlash), to’qimachilik, ko’n poyabzal va tikuvchilik korxonalari bor. Brisben orqali asosan jun, go’sht, shakarqand, mineral xom ashyolar eksport qilinadi. Universitet (1909 yildan), botanika bog’i va muzeylar bor. Shaharga 1824 yilda asos solingan.