BRYANSK VILOYATI
BRYANSK VILOYATI — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1944 yil 5 iyulda tashkil etilgan. Bryansk viloyatida 27 tuman, 16 shahar va 31 shaharcha bor. Maydoni 34,9 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1467 ming kishi (1999), asosan ruslar, shuningdek ukrainlar, beloruslar va boshqalar yashaydi. Shaharliklar 60%. Markazi — Bryansk shahri. Bryansk viloyati O’rta Rossiya qirlarining g’arbiy chekkasida, relefi to’lqinsimon tekislik. Sharqiy qismi bir oz baland (200-250 metr). Torf, fosforit, gil, qum, mergellar bor. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -7°-9°, iyulniki 18°-19 gradus. Yiliga 550-600 millimetr yog’in yog’adi. Daryolari Dnepr daryosi havzasiga mansub, eng yirigi — Desna. Asosan podzol tuproq uchraydi. Bryansk viloyatining kattagina qismi o’rmon zonasida, Janubiy Sharqiy qismigina o’rmonli dasht zonasida. Qarag’ay, qoraqarag’ay, qayin o’sadi. O’tloq ko’p. Bryansk viloyati sanoatida mashinasozlik va metallsozlik yetakchi o’rinda. Teplovozlar, temir yo’l vagonlari, yuk avtomobillari, stanoklar, ekskavatorlar, avtogreyderlar, qishloq xo’jalik mashinalari, priborlar, yengil sanoat uchun texnologik jihozlar ishlab chiqariladi. Bryanskda «Bryansk mashinasozlik zavodi», «Bryansk elektromexanika zavodi», «Bryansk avtomobil zavodi», yo’l mashinalari ishlab chiqarish birlashmalari ishlab turibdi. Yengil sanoat jun gazlama ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bryanskda kamvol kombinati, Klintsida movut kombinatlari, kanop yigiruv fabtikalari, «Krasniy gigant» ko’n birlashmasi bor. Qurilish materiallari sanoatida tsement, shifer, asbestsement quvurlar, oynashisha, isitish radiatorlari ishlab chiqariladi. Oynashisha zavodlari, Dyatkovo billur zavodi, «Bryansktsement» ishlab chiqarish birlashmasi bor. O’rmon kimyo kompleksida mineral o’g’itlar, qog’oz va karton ishlab chiqariladi. Taxta tilish, fanera, mebel, yogmoy, konserva korxonalari ishlab turibdi. Mahalliy torf asosida energetika rivojlangan. Qishloq xo’jalik g’alla kartoshka yetishtirish va sut-go’sht chorvachiligiga ixtisoslashgan. Asosiy ekinlari: javdar, suli, grechixa, bug’doy, texnika ekinlaridan konoplya, zig’ir, qand lavlagi, tamaki. Qoramol, shu jumladan sigir, cho’chqa, qo’yechki, parranda boqiladi. Asosiy transporti — temir yo’l. Avtomobil yo’llari zich. Desna daryosida kema qatnaydi. 3 oliy o’quv yurti, 26 o’rta maxsus o’quv yurti, o’lkashunoslik muzeyi bor.