BUBON

BUBON (Yunoncha bubon — chov, chovdagi o’sma) — teri ostidagi limfa tugunlarining yallig’lanishi («Bez kelishi»). Ko’proq chov va bo’yin sohasida uchraydi. Bubon ayrim tanosil (masalan, zaxm) va boshqa ba’zi yuqumli kasalliklar (sil, o’lat) bilan birga kechadi yoki ularning asorati sifatida vujudga keladi. Bubon turli kattalikda bo’lib, og’riqli (yumshoq shankrda) yoki og’riqsiz (zaxmda) o’tadi. Bubon yiring boylab yoriladi va chandik hosil qilib bitadi. Dastlab Bubonga sabab bo’lgan asosiy kasallik davolanadi, ular yordam bermasa, jarrohlik usuli qo’llaniladi.