BUDDIZM

BUDDIZM (Budda nomidan olingan), Buddaviylik — jahonda keng tarqalgan dinlardan biri (xristianlik va Islom dini bilan birga). Unga e’tiqod qiluvchilar taxminan 500 milliondan ortiq. Miloddan avvalgi 6-5-asrlarda Hindistonda paydo bo’lgan. Markaziy Osiyo, Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlarida va uzoq Sharqda tarqalgan. Hozirgi kunda Buddizm Shri Lanka, Myanma (Birma), Tailand, Laos, Kamboja, Vetnam, Tibet, Butan va Yaponiya kabi davlatlarning asosiy dinidir. Buddizm muayyan tarixiy davrlarda Xitoy, Hindiston, Koreya va Indoneziyada, deyarli butun Osiyo xalqlari, ya’ni jahonning salkam 2/3 qismi aholisi ma’naviy qadriyatlariga juda katta ta’sir ko’rsatgan. Rivoyatlarga ko’ra, Buddizmga Siddhartha Gautama (Budda) asos solgan. Buddizmda 2 asosiy yo’nalish mavjud: xinayana va maxayana. Keyingisi juda ko’p sekta va mazhablarga bo’linadi. Boshqa dinlardan farqli ravishda Buddizmda hech bir o’zgarmas narsa yo’q, hatto Xudo ham o’zgaruvchan, deb uqtiriladi. Faqat on yoki lahzalar silsilasi mavjud bo’lib, ularning har biri yo’qolib, keyingisiga o’rin beradi. Buddizm ta’limotiga ko’ra, inson doimo azob-uqubatga mahkum va bunga uning o’zi sabab bo’ladi. Zero u, garchand befoyda bo’lsada, o’z hayoti va farovon turmushini saqlab qolishga harakat qiladi. Azob-uqubatdan qutulish uchun ko’ngil xush ko’rgan barcha narsalardan o’zini tiyish darkor. Muntazam ravishda yolg’ondan, o’g’rilikdan, boshqaga zarar yetkazishdan, zinodan o’zini tiyish hamda meditatsiya (ongni oliy haqiqatga yetishishga qaratish), «Bodxi», ya’ni «xotirjamlik»ka va oxiroqibatda nirvanaga (Azob-uqubatning tugashiga) olib keladi. Nirvanaga etishish uchun talab qilinadigan axloqiy barkamollik bir emas, bir necha hayotni taqozo etishi mumkin. Buddizm zaminida 3 narsa — Budda, Dxarma va Sangxaga e’tiqod yotadi. Budda (Siddhartha Gautama) oliy haqiqatga yetishishning yorqin timsoli. Dxarma — Gautama qoldirgan ta’limot. Bu ta’limotning eng qisqa bayoni «to’rt oliy haqiqat»dan iborat: 1) azob-uqubat mavjud; 2) Azob-uqubatning sababi (istak) mavjud; 3) Azob-uqubatning tugashi (Nirvana) mavjud; 4) Azob-uqubatning tugashiga olib keluvchi sakkiz bosqichli yo’l mavjud. Sangxa — Budda asos slogan va hozirgacha faoliyat ko’rsatib kelayotgan rohiblar jamoasi. Tor ma’noda bu — o’tgan asrlarda «oliy haqiqat»ga yetishgan ko’plab avliyolardir. Sangxa jamoasiga qabul etilgan shaxs quyidagi 10 farzni ado etishga qasamyod qiladi: 1) hech kim yoki hech narsani hayotdan judo qilmaslik; 2) yolg’on so’zlamaslik; 3) o’g’rilik qilmaslik; 4) jinsiy aloqaga kirmaslik; 5) mast qiluvchi ichimlik ichmaslik; 6) kunning ikkinchi yarmidan to ertangi sahargacha ovqat tanovul qilmaslik; 7) uch kiyimdan ortiq hech narsa bilan tanani bezamaslik; 8) ommaviy ko’ngilxushliklarda ishtirok etmaslik va tomoshabin sifatida qatnashmaslik; 9) baland va yumshoq o’rinda yotmaslik; 10) pul ishlatmaslik. Rohiblar jamoasi asosan Buddizm txeravadasi (aynan — oqsoqollar ta’limoti)ga xosdir. Maxayanada «haqiqat yo’li» har kim uchun ochiq: rohiblarga ham, dunyoviy kishilar (ya’ni oddiy qavm) ga ham; Buddaga e’tiqod qilinsa, bas. Kengroq qaralganda, Sangxa — muqaddaslik va qudrat xazinasi. Qisqasi, Buddizm — Buddaga ergashib, Dxarma talablarini bajarish va Sangxa jamoasining a’zosi bo’lib qolishdir. Buddizm tarixi 2500 yildan ortiq davrni o’z ichiga oladi. Unga dastlab braxmanizm va jaynizmnining ta’siri kuchli bo’lgan. Imperator Ashoka (miloddan avvalgi 3-asr) davrida Buddizm kuchli mustaqil din sifatida shakllandi. 9 asr muvaffaqiyatli faoliyat ko’rsatgan Buddizm Hindistonda inqirozga yuz tuta boshladi va pirovardida bu yerda uning o’rnini xinduizm to’liq egalladi. Ammo Buddizm Shri Lanka, Jan.Sharkiy Osiyo va Markaziy Osiyo orqali Xitoy, Koreya, Yaponiya va Tibetga yoyilib ulgurgan edi. Shri Lanka va Jan.Sharqiy Osiyoning materik qismida Buddizm txeravadasi (qadimgi an’analarga sodiqlik), Xitoy, Koreya, Yaponiya va Tibetda esa maxayana (yangicha yondashuvlar) tarkaldi. 15-asrda Osiyo qit’asida paydo bo’lgan yevropaliklar Buddizm bilan tanishdilar. Ularning ba’zilari Buddizm ga kirgach, Angliya, Germaniya, AQShda o’z jamoalarini tashkil etdilar. Xitoylik va yaponiyalik muhojirlar bu e’tiqodni Gavay orollari va AQShning g’arbiy sohillariga olib keldilar. Hozirgi paytda AQShga ko’plab yapon va Tibet rohiblari hamda olimlarining kirib kelishi natijasida mamlakat bo’ylab yirik Buddizm jamoalari tashkil topdi. Buddizmning bir necha xalqaro tashkilotlari ham mavjud. Buddizmda kundalik, davriy, maxsus va bayram marosimlari ado etiladi. Monastir, butxona va xonadonlarda ertalabki va kechki ibodatlar uyushtiriladi. Odatda, 12-13 yoshli o’spirin 20 yoshgacha, ya’ni balog’atga yetgunga qadar monastirda rohiblikni o’taydi, lekin, taxminan ularning uchdan bir qismi umrbod shu maqomda qoladi. Oddiy qavm yoki dunyoviy kishilarning eng asosiy kundalik vazifasi — rohiblarni ovqat bilan ta’minlashdir. Bu bilan ular xayrli xizmat qilgan bo’ladilar. 20-asrda jahon bo’ylab dunyoviy kishilarni ushbu dinga jalb etish odat tusiga kirdi. Hatto Hindistonning o’zida ham Buddizm dunyoviy shaklda qayta tiklanmoqda. Yaponiyada dunyoviy kishilar «sinsyuko» («yangi dinlar») deb atalgan oqimlarni (Rossiyada katta shov-shuvga sabab bo’lgan «Aum Sinrikyo» shulardan) tashkil etmoqdalar. Amerikadagi «yangi buddizm» jamoalari asosan dunyoviy kishilardan tarkib topgan. O’zbekistonda bitta Buddizm jamoasi rasmiy ravishda faoliyat ko’rsatadi. Ahadjon Hasanov.