BUERMAN TOG’LARI

BUERMAN TOG’LARI — Qarnob cho’lidagi tog’lar. To’da ko’l suv omborining sharqida joylashgan. Buerman tog’lari Qarnob cho’lining prolyuvial tekisliklari bilan o’ralgan. Eng baland joyi 348 metr, nisbiy balandligi 90-100 metr, Janubi g’arbdan shimoli sharqqa yo’nalgan. Uzunligi 11 kilometr. Relef jihatidan supasimon (platosimon) qoddiq tog’. Yon bag’irlari, ayniqsa Janubiy Sharqiy yon bag’irlari qiya bo’lib quruq soylar bilan o’yilgan (3-10 metr). Bo’r va paleogen davrlarining ohaktosh, qumtosh, konglomeratlari bilan, eng yuqori qismi quyi to’rtlamchi davrning shag’altosh, konglomerat va lyossimon jinslari bilan qoplangan. Shimoliy g’arbiy etaklari qumli, Janubiy g’arbiy etaklari sho’rxoklar va sho’r tuproqlar, qolgan etaklari sho’rtob, bo’zqo’ng’ir tuproqlar bilan qoplangan. Yon bag’irlarning bo’zqo’ng’ir tuproqlarida qorajusan keng tarqalgan. Oqjusan, boyalich, singren, keyreuq ham o’sadi. Yaylov sifatida foydalaniladi.