BUG’ BILAN ISITISH

BUG’ BILAN ISITISH — issiqlik eltuvchi sifatida suv bug’idan foydalaniladigan isitish tizimi. Suv bug’i binolarga o’rnatilgan isitish asboblariga quvurlarda keltiriladi. Bug’ bilan isitish tizimlarida bug’ isitish asboblarida kondensatsiyalanayotganda uning issiqlik ajratish xossasidan foydalaniladi; hosil bo’lgan kondensat quvurlarda markazlashgan issiqlik bilan ta’minlash tarmog’iga yoki isitiladigan binodagi bug’ qozoniga qaytadi. Bug’ bilan isitishda ishlatilgan (masalan, bug’ mashinalari, turbinalari va boshqalardan chiqqan) bug’dan ham foydalanish mumkin. Bunday tizim xonadonlarni isititshda deyarli qo’llanilmaydi, u asosan sanoat binolarini isitish uchun mo’ljallangan.