BUG’U
BUG’U — qirg’izlarning yirik qabilasi. Bug’ular 19-asr o’rtalarida Saribag’ish qabilasi bilan birga Chu va Oqsuv daryolari havzasida hamda Issiqko’lning Sharqiy qirg’og’i, Norin, Kechen va Tekes daryolari bo’ylarida, Qarqara vodiysida ko’chmanchilik qilib yashaganlar. Chorvachilik va dehqonchilik bilan shug’ullanganlar. Terskey, Kungay, Tuykal ko’llari bo’yida sug’orma dehqonchilik qilganlar. 1855 yilda Rossiyaga qo’shib olingan. 1913 yilda 11 mingdan oshiq Bug’u xo’jaligi ro’yxatga olingan. 20-asr birinchi choragida qirg’iz xalqi tarkibiga singib ketgan. Bug’u quyidagi urug’larga bo’lingan: Chelek (manaplar urug’i), torgo, Bapa, Elden, Takaboy, bog’ir (jigar), dyolyos, qidiq, Qo’ng’irot, mo’ng’uldur, sayoq, shiqmayot, qaba, asan tukum, ariq tukum, kuchuk, serikey, ondon.