BUG’USIMONLAR

BUG’USIMONLAR (Cervidae) juft tuyoqli sut emizuvchilar oilasi. Dumi kalta, boshi uzunchoq, oyoqlari ingichka, qomati kelishgan. Yuqori jag’ida kurak tishlari yo’q. Oziq tishlari yassi, dumi ostida katta oq xoli — «darcha»si bor. Yosh Bug’usimonlar ko’pincha olachipor bo’ladi. Suv Bug’usimonlaridan tashqari, deyarli hamma Bug’usimonlarning shoxi bor, lekin ayrim turlarining faqat erkagida shox bo’ladi. Shimol bug’usining erkagi ham, urg’ochisi ham shoxli. Bug’usimonlar Yevropa, Osiyo, Amerika va shimoliy Afrikada tarqalgan. Tog’ va tekisliklardagi o’rmon, to’qay, o’rmondasht va tundrada yashaydi. Turli o’tlar, butalar, har xil o’simliklar bilan oziqlanadi. Bug’usimonlar 1,5 yoshda voyaga yetadi. Kuzda yoki yoz oxirida juftlashadi. Bu vaqtda erkaklari bo’kirib yuradi. Urg’ochisi bahorda yoki yoz boshida 1-2 ta, suv Bug’usimonlari 4 ta va undan ham ko’proq tug’adi. Bahor va kuzda, ba’zi turlari faqat bahorda tullaydi. Bug’usimonlarning 48 turi bo’lib, ular muntjaklar (Stshvulinae), suv Bug’usimonlari (Hydropotinae), asl Bug’usimonlar (Cervinae) va Amerika Bug’usimonlari (Neocervinae) 4 kenja oilaga bo’linadi. Muntjaklar kenja oilasiga mansub Bug’usimonlarning bo’yi 60 santimetrcha, shoxi kalta. Erkagining ustki jag’ida xanjardek uzun qoziq tishlari bor. Bu kenja oila 2 urug’: muntjaklar va tojli bug’ulardan iborat. Muntjaklar urug’ining vakili — Hindiston muntjagi (Muntiacus muntjar). Suv Bug’usimonlari kenja oilasining faqat 1 turi bo’lib, Xitoyda uchraydi. Daryo sohillaridagi qamishzorlarda 2-3 tadan bo’lib yuradi. Bo’yi past (0,5 metrcha), shoxi yo’q. Erkagining ustki jag’idagi uzun qoziq tishlari tashqariga chiqib turadi. Asl Bug’usimonlar kenja oilasi buyi 0,6—2,2 metr keladigan, ancha yirik hayvonlardir. Ustki jag’laridagi qoziq tishlari kichkina yoki butunlay bo’lmaydi. Bu kenja oila elik, Los va hokazolardan iborat urug’larga bo’linadi. O’zbekistonda asl Bug’usimonlarning bir turi — xongul yashaydi. Amerika Bug’usimonlari kenja oilasi bo’yi 0,3—1,3 metr keladigan mayda va o’rta bo’yli bug’ulardan iborat. Boshqa Bug’usimonlardan’bosh skletidagi ba’zi suyaklarining tuzilishi bilan farq qiladi. Bu kenja oila mazamalar, pudu, pampas va shimol bug’ulari urug’lariga bo’linadi. Bug’usimonlar ko’plab ovlanadi. Go’shti va terisidan foydalaniladi. Asl bug’uning pant deb ataladigan yosh shoxlaridan dori tayyorlanadi. Shimol bug’usi xonakilashtirilgan bo’lib, xo’jalik uchun katta ahamiyati bor. Kaborgilarning bir turi (Moschus moschiferus) tarqalgan. Bug’usimonlarning 11 turi 20 kenja turi xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.