BUKISH MASHINASI

BUKISH MASHINASI (mashinasozlikda) — yog’och yoki metal zagotovka (xom ashyo, list, truba)ni sovuqlayin yoki qizdirib bukish uchun mo’ljallangan qurilma. Universal Bukish mashinasining uch va to’rt valikli (rotasion), traversasi buriladigan, rolikli, andazasi yoki richagi buriladigan xillari bor. Qalinligi 40-50 millimetrdan ortiq zagotovkalar qizdirib, bundan yupqalari sovuqlayin bukiladi. Listli prokat to’g’ri chiziqli harakatlanuvchi list bukish mashinalari (presslar)da, traversasi buriladigan va rotasion mashinalarda, sortli prokat va trubalar rolikli Bukish mashinasida bukiladi. Polosa, burchaklik, kvadrat, doira va boshqa sortli prokatlardan yasalgan detallarni bukish, to’g’rilash va shtamplash uchun gorizontal bukish-shtamplash presslari (buldozerlar), to’g’rilash presslari ishlatiladi. Kalibrlangan similar yoki lentalardan yasaladigan mayda buyumlar (shplintlar, skrepkalar, radioapparatura detallari va boshqalar) bukish avtomatlarida tayyorlanadi.