BURJ
BURJ — Quyoshning yillik ko’rinma harakati doirasidagi o’n ikki yulduz turkumining nomlari. Bu so’z zodiak yulduzi turkumlari Dayav, Hut. Hamal, Savr, Javzo, Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, qavs, Jadylarga nisbatan qo’llaniladi. Ular Quyoshning yillik ko’rinma harakat yo’li (ekliptika) bo’ylab joylashgan. Har birida Quyosh taxminan bir oycha bo’ladi. Burj yulduz turkumlaridan Quyosh sistemasining deyarli barcha sayyoralari, kometalari va oyning ham ko’rinma harakat yo’llari o’tadi. Yunonistonda Burj turkumlarini alohida ajratib, ularni maxsus belgilar bilan ifodalashgan. Shunga ko’ra, osmon gumbazida bahorgi (Hamal) va kuzgi (mezon) tengkunlik, yozgi (saraton) va qishki (Jady) Quyosh turish nuqtalari ham o’sha belgilar bilan belgilanadi. Presessiya hodisasi sababli o’tgan 2 ming yil ichida bu nuqtalar surilib, qo’shni yulduz turkumlariga o’tib ketgan bo’lishiga qaramay, shu belgilar, shuningdek Saraton va Javzo tropiklari deb ataluvchi nomlar ham saqlanib qolgan. Turkiy xalqlarda oylarning nomi ham Burj nomidan olingan. Bahor fasli — burji obiy (Hamal—22 martdan, Savr—21 apreldan, Javzo— 21 maydan), yoz fasli — burji noriy (saraton — 22 iyundan, Asad—23 iyuldan, Sunbula -23 avgustdan), kuz fasli — burji Bodiy (mezon—24 sentabrdan, Aqrab—23 oktabrdan, qavs—23 noyabrdan), qish fasli — burji Hokiy (Jady—22 dekabrdan, Dalv— 20 yanvardan, Hut—19 Fevraldan) deb atalgan. 12 yillik muchal yillari boshi hamalayan hisoblanadi.
BURJ — devorga tashqi tomondan tirgak sifatida ishlangan qurilma. Qal’a devorlariga tutashgan minora shaklidagi qo’shimcha bino. Burj ustida va ichkarisida maxsus xonalar bo’lishi mumkin. Mudofaa maqsadida qurilgan maxsus Burjlar ham bo’lgan. Buxoro, Xiva me’morligida ko’p qo’llanilgan. Ba’zan o’rniga qarab guldasta, minora deb ham nomlanadi.