BURJUAZIYA

BURJUAZIYA (fr. bourgeoisie – shaharliklar) — savdo, sanoat, kredit-moliya va boshqa tadbirkorlik faoliyati natijasida daromad oluvchi ijtimoiy sinf. Burjuaziya an‘anaviy jamiyat qaror topgan sharoitda, XVI-XX asrlardagi inqilob va islohotlar natijasida yuzaga kelib, muhim iqtisodiy va siyosiy ta’sirga ega bo’ldi, sanoatlashgan jamiyat va bozor iqtisodiyoti, liberalizm va demokratiya qadriyatlari qaror topishiga ko’maklashdi. Rivojlangan mamlakatlardagi Burjuaziya yirik moliya va sanoat Burjuaziyasidan (unga boshqaruvchilarning oliy qatlami ham kiradi), sarmoyadorlik va tadbirkorlik vazifalarini birga qo’shib, ish yurituvchi o’rta Burjuaziya qatlamidan hamda-mayda Burjuaziyadan tashkil topgan. Rivojlanayotgan mamlakatlarda Burjuaziya turli qatlamlarining shakllanishi jamiyatni modernizatsiya qilish jarayoni bilan bevosita bog’liqdir. Sotsialistik tuzum o’rnatilgan mamlakatlarda Burjuaziya sinf sifatida tugatilgan edi. Bunday mamlakatlarda bozor iqtisodiyoti va fuqarolik jamiyatining shakllanishi jarayonida xususiy mulkdorlar va tadbirkorlardan iborat ijtimoiy qatlam qayta tiklanmoqda.