Burkina-Faso
Rasmiy nomi — Burkina-Faso Respublikasi. Poytaxti — Uagadugu. Hududi — 274122 km.kv. Aholisi – 15,3 mln.dan ortiq kishi (2012). Davlat tili fransuz. Dini — islom (50%), majusiylar (40%), katoliklar (10%). Pul birligi — afrika franki. Geografik joylashuvi va tabiati. G’arbiy Afrika davlati. Shimol va g‘arbda — Mali, sharqda — Niger, janubda — Benin, Togo, Gana, Kot-d’Ivuar davlatlari bilan chegaradosh. Burkina-Faso hududining katta qismini keng yassitog’lik egallagan. Bobo-Diulasodan g’arbda qum-toshdan yassitog` qad ko‘targan. Shu yerda mamlakatning yirik daryolari — Qora, Oq va Qizil Volta joylashgan. Qora Voltadan daryolarning barchasi kema qatnovi uchun yaroqsizdir. lqlimi uch asosiy davrlar mavjudligi bilan xarakterlanadi — salqin-quruq (noyabrdan martgacha), issiq-quruq (martdan maygacha), issiq-nam (yilning qolgan qismida). Mamlakat hududining o‘simlik dunyosiga baland o‘tli savannalar xosdir. Ba’zi joylarda akatsiya va butazorlar ustunlik qiluvchi o’rmonlar uchrab turadi. O‘rmonlar mamlakat maydonining 9% ini egallagan. Hayvonot dunyosi boy bo‘lib, bu yerda fil, antilopa, maymun va timsohlarni uchratish mumkin. Zararli hasharotlar ham ko’plab uchraydi, bular setse pashshasi, bezgak chivinlari, termit va chigirtkalar. Davlat tuzilishi va siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika, Davlat boshlig‘i — prezident. Burkina-Faso 45 ta viloyat (provinsiya)ga bo‘lingan. Burkina-Faso doimiy va sezilarli emigratsiya mamlakati. 700 mingdan oshiq kishi ko‘chmanchi hayot kechiradi. Siyosiy partiyalari: Xalq fronti, Progressiv vatanparvarlar milliy konventi — Sotsial-demokratik partiya.
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Burkina-Faso agrar mamlakat. Marganes, simob, oltin, fosfatlar, nikel, marmar qazib olinadi, yog‘och ishlab chiqariladi. To‘qimachilik, teri-poyabzal, go‘sht tayyorlash, yog‘-moy, paxta tozalash korxonalari mavjud. Daryolarida baliq ovlash keng yoiga qo‘yilgan. Yeryong‘oq, shakarqamish, paxta yetishtiriladi. Asosiy savdo hamkorlari: Fransiya, Kot-d’Ivuar, Italiya, Tailand, Tayvan, Niger, Nigeriya. Tarixi. XI asrda gambagilik kelgindi qabilalar Yuqori Volta tekisliklariga bostirib kirishadi. Asta-sekinlik bilan ular kuclili siyosiy uyushmaga ega bo‘lgan markaziy va sharqiy tekislikdagi dehqonchilik qabilalarini bo’ysundirdilar. Ammo g‘arbiy tumanlardagi zamonaviy bobo, lobe va grusilarning ajdodlari bosqinchilarga qarshilik ko‘rsata oldilar. Vaqt o‘tib kelgindilar mahalliy aholi bilan aralashib ketib, ularning dini va tilini qabul qihshdi. Keyinchalik bosqinchilarning avlodlari Mosi Yatenga, Uagadugu, Tenkodogo va Fadan-Gurma davlatlarining hukmron doirasini tashkil etdi. XIV-XVI asrlarda Yatenga davlatining qurolli kuchlari Mali va Songay davlatlari hududining bir qismini ishg‘ol qildi. XVI asrda mosilar ularni bo‘ysundirish va majburan islomlashtirishga intilgan songayliklar hujumlarini qaytardi. 1895-yilda Yatenga davlati ustidan nazorat o‘rnatilganidan so‘ng, fransuz qo‘shinlari Moronaba qo‘sbinlarini tor-mor qilib, uning mulklarini bosib oldi. 1897-yilda Fada-Gurma qirolligi hukmdori fransuz protektoratiga o‘tdi. Shu davrning o‘zida fransuzlar grusi, bobo, lobi xalqlariga tegishli yerlarni ishg‘ol qildi.