BUSSOL

BUSSOL (Fransuzcha boussole — quticha) — 1) joydagi yo’nalishlarning magnit azimutini o’lchash uchun mo’ljallangan asbob. Ishi magnit meridiani bilan biror predmetga tomon yo’nalgan chiziq orasidagi gorizontal burchaklarni o’lchashga asoslangan. Bussolni mukammallashtirilgan kompas deyish mumkin. Kichik joylarning uncha aniqmas gorizontal tarxini olishda ishlatiladi. O’lchash uchun Bussolni shtativ ustida burib, magnit milining shimol uchi limbdagi 0° ga to’g’riladi. So’ngra ko’z va predmet dioptrlari orqali o’tgan chiziq yo’nalishining magnit azimuti aniqlanadi. Bussol asosan topogeodezik ishlarda qo’llaniladi. Marksheyder s’yomkalari va kon qazilmalarini topishda osma Bussoldan foydalaniladi; 2) harbiy ishda to’p va minomyotni nishonga to’g’rilash, nishonni ko’rsatish, nishonni nazorat qilish, dushman joylashgan yerlarni, artilleriya turgan joylarni aniqlash maqsadida artilleriya Bussol ishlatiladi.