BUTUNTIRNOQ
BUTUNTIRNOQ — Xorazm ayollarining ziynat buyumi, chakkaga taqiladigan taqinchog’i, tumor. Asosini 5 burchakli yirik shakldagi g’ilofdon tashkil etadi. Yon tomonlari ensiz, ikki yuzasi butunlay qoplab naqshlangan, uchburchak shaklidagi yuqori qismi panjarali, zig’iraklar bilan boyitiladi. Mujassamot markazida atrofi Feruza ko’zlar halqasi yoki zig’iraklar bilan o’ralgan rangli shisha yoki gardishga o’rnatilgan tosh joylashtirilgan, ba’zan eng qadimgilarida uchburchak uchiga jig’a o’rnatish uchun naychasi bo’lgan. Tilla yoki tilla suvi yugurtirilgan kumushdan ishlangan murabba shaklidagi quyi qismi bosma usulida nafis bezatilgan, naqsh mayin va ifodali bo’lib, nursoya jilvasini hosil qiladi. Markaz va to’rt burchaklarida Feruza ko’zlar qadalgan qubbalar o’rnatilgan. Uchburchak asosidan boshlab yon tomonlari va tagi an’anaviy shokilalar bilan o’ralgan. Kadimdan himoya qudratiga ega degan tushunchani ifodalovchi Butuntirnoqning asosiy qismi (hayvon va qush tirnoqlari yoki tuyoq va shoxdan kesib olingan qism) shokilalar ostida ko’rinmaydi, ba’zan unga bir tutam soch ham qo’shilgan. Butuntirnoqning tirnoq shaklidagi kichik xili paydo bo’lganidan beri bosh kiyim, kiyimga tikilgan, beshikka osilgan.