BUXGALTERIYA HISOBI

BUXGALTERIYA HISOBI — korxonaning xo’jalik yuritish hujjatlari asosida yoppasiga, uzluksiz va o’zaro bog’liq holda xo’jalik faoliyatini qiymat ifodasida aks ettirishdir. Buxgalterlik hisobining predmeti korxonaning pul shaklida ifodalangan xo’jalik mablag’lari, ularning tashkil topish manbalari va xo’jalik jarayonlari hisoblanadi. Buxgalteriya hisobi xo’jalik faoliyatini tahlil qilish, boshqarish va nazorat qilish vazifalarini amalga oshiradi. Quyidagilar buxgalteriya hisobi elementlari hisoblanadi: hujjatlar — xo’jalik operatsiyasi tugaganligi haqida yozma ma’lumot (guvoh)nomalar; inventarizatsiya mavjud moddiy qiymatlarni tekshirish (asosiy vositalar; pul mablag’lari; aylanma (oborot) vositalar). Bular ularning aslidagi mavjud holati va buxgalteriya hisobiga to’g’ri kelishini aniqlash maqsadida qilinadi; kalkulyatsiya (rejali va aslidagi); buxgalteriya hisobi schyotlari; ikkiyoqlama yozuv; balans. Bu elementlarning har biridan foydalanish amaldagi qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi.