BUXGALTERIYA HUJJATI

BUXGALTERIYA HUJJATI — xo’jalik muomalalari sodir bo’lganligining yozma isboti yoki xo’jalik muomalalarini amalga oshirish huquqi. Buxgalteriya hujjatlari, odatda, belgilangan shakl bo’yicha tipografiya usulida bosilgan blankalarda tuziladi. Ayrim hollarda muayyan xo’jalik muomalalarini hujjatlar bilan rasmiylashtirish uchun tasdiqlangan shakl bo’lmasa, istalgan shaklda tuzishga yo’l qo’yiladi, lekin hujjatlar qo’yilgan talablar inobatga olinishi kerak. Hisob ishlari avtomatlashtirilgan hollarda xo’jalik muomalalarida avtomatik ravishda aks ettiriladi. Yig’ilgan axborotlar yozma (qog’oz) hujjatlar o’mini bosadi. Xo’jalik muomalalarini hujjatlar bilan rasmiylashtirishga hujjatlashtirish deyiladi. Buxgalteriya hisobi va hisoboti ma’lumotlarining haqiqiyligi va ro’y-rostligi hujjatlashtirishning sifatiga bog’liq, chunki hisobdagi yozuvlar hujjatlarga asoslanadi. Hujjatlarni tuzish dastlabki hisobning tarkibiy qismi hisoblanadi. Hujjatlarni soddalashtirish va tuzish, ishlov berish hamda ulardan foydalanishni asoslantirish uchun unifikatsiyalanadi va standartlashtiriladi. Hujjatlar tuzilgandan so’ng saqlash uchun arxivga topshirilgunga qadar ma’lum yo’lni bosib o’tadi, hisob jarayonining turli bosqichlarida foydalaniladi, ya’ni hujjat aylanishi sodir bo’ladi.