BUXORO BOSQINI

BUXORO BOSQINI, Buxoro operatsiyasi — qizil armiyaning Buxoro xonligining tugatish va uning hududida sho’rolar hokimiyatini barpo etish maqsadida uyushtirgan bosqini (1920 yil 28 avgust— 2 sentabr). Bolsheviklar xalqaro huquq normalarini qo’pol ravishda buzib, 1920 yil Fevralda Xiva xonligini bosib olganlaridan so’ng Buxoro amirligi sari yuzlandilar. 1920 yil may oyi boshlarida Moskvaga kelgan Turkkomissiya a’zolari Sh. Eliava va ya. Rudzutak RSFSR tashqi ishlar vaziri G. V. Chicheringa «Turkkomissiya ertagayoq Buxoro amirligining mustaqilligini bekor qilish to’g’risida qaror chiqaradi» degan bayonotini topshirdi. 1920 yil 22 mayda RKP(b) MK byurosi Buxoroga hujum qilish to’g’risidagi Turkkomissiya a’zolarining ushbu fikrini ma’qulladi. Turkiston qo’shinlarining qo’mondoni M. V. Frunze Buxoro amirligiga qarshi harbiy harakatlarni tezlashtirishni so’rab 1920 yil 31 iyulda V. I. Leninga Telegramma jo’natgan. RSFSR qurolli kuchlari bosh qo’mondoni S. S. Kamenev bu telegrammaga «qulay fursatda boshlashga ruxsat beriladi» deb qisqa javob yuborgan. 1920 yil 12 avgustda M. Frunze amirlikni tugatish maqsadida Samarqand-Buxoro guruhi (fronti)ni tuzish haqida buyruq bergan. Shu tariqa amirlik chegaralariga 7 ming piyoda, 2,5 ming otliq askar, 5 og’ir to’p, 35 yengil to’p, 206 zambarak, 5 broneavtomobil, 5 bronepoezd va 11 aeroplan shay holatga keltirib qo’yilgan. Amir Olimxon ixtiyorida 15 ming sarboz, 55 eski to’p va 12 pulemyot bor edi, xolos. Harbiy kuchlar nisbatiga ko’ra Turkiston fronti zamonaviy qurollarga ega edi. 16-18 avgustda Chorjo’yda Buxoro kommunistlarining 4-s’yezdi bo’lib, u amirga qarshi qo’zg’olon ko’tarish to’g’risida qaror qabul qilgan. Bolsheviklarning makkorona rejalari amalga osha boshlagan. Tarixda «yalpi qo’zg’olon» deb atalgan harakat 1920 yil 23 avgustda Beshim Sardor boshchiligidagi yollanma turkman otliqlarining Chorjo’y yaqinidagi Saqor bozorni ishg’ol qilishi bilan boshlandi. Beshim Sardor va Chorjo’y kommunistlari darhol eski Chorjo’yni ishg’ol qilganlar, yuzdan ortiq amaldorlar qamoqqa olingan. Chorjo’y bekligi xazinasi qo’lga kiritilib, bu boyliklar darhol Chorjo’y revkomi va yangi hukumat qo’liga o’tgan. Ilgaridan kelishuvga ko’ra shu kuni Chorjo’y revkomi «butun Buxoro xalqi nomidan» Turkiston frontiga yordam so’rab murojaat qilgan, vaholanki Buxoro xalqi s’ezd qaroridan ham, Beshim Sardor isyonidan ham bexabar edi. Buxoro taqdiri qizil qo’shin ixtiyoriga topshirilgandi. M. Frunze «yordam» to’grisidagi murojaatni olgach, qo’shinlarini 4 ta Zarbdor guruh (Samarqand, Kattaqo’rg’on, Chorjo’y va Kogon) ga bo’lgan. Samarqand guruhi 29-30 avgustda Shahrisabz — kitob yo’nalishi bo’ylab harakat qilib Qarshi va G’uzorni egallashi, Kattaqo’rg’on guruhi esa shu kunlari Xatirchi, Ziyovuddin va Karmanani olishi, Chorjo’y guruhi bo’lsa eski Chorjo’yni egallab, Amudaryoning Afg’oniston bilan chegaralarini nazorat qilishi, Forob va Qorako’lni egallab, qo’shimcha buyruqni kutib turishi lozim edi. Asosiy vazifa Kogon guruhi zimmasiga Yuklandi. U eski Buxoroni egallashi, Olimxonni asir olishi va Arkdagi xazinani egallashi kerak edi. 1920 yil 29 avgustdan boshlab eski Buxoro ham havodan, ham yerdan qattiq bombardimon qilingan. Buxoroning qarshi darvozasigacha kelgan temir yo’lda turgan bronepoezd va Samarqand, Shayx Jalol, Namozgoh darvozalari yaqinida joylashtirilgan to’plardan 1-2 sentabr kunlari shaharga 12 ming snaryad tashlangan. 11 ta aeroplan esa shahar ustida 3 kun bomba yog’dirgan. Bir necha million dona patron sarflangan. Shahar hatto kimyoviy snaryadlardan o’qqa tutilgan. Shaharning qarshi va Samarqand darvozalari tagiga 800 kilogrammdan ortiq porox ko’milib portlatilgan. Qulab tushgan darvozalardan kizillar shaharga bostirib kirganlar. Ko’cha janglari boshlanib ketgan. Amir Olimxon shahar obidalari va aholini omon saqlash maqsadida shaharni tashlab chiqib ketgan. Sho’ro aeroplanlari uni qidirib topish bahonasida shahar atrofidagi qishloqlarni, tarixiy obidalardan Sitorai Mohi Xosank bombardimon kilishgan. 2 sentabrda qizillar Arkni egallab uning ustiga o’zlarining bayroqlarini tikkanlar. Shafqatsiz o’q yomg’iri va bombardimon natijasida shahar obidalarining 1/5 qismi vayron etilib, minglab begunoh odamlar nobud bo’lgan. O’sha davr voqealarining bevosita shohidi bo’lgan mahalliy tarixchi Muhammad Ali Baljuvoniy o’zining «Tarixi Nofeiy» («Foydali tarix») asarida qizil askarlar tomonidan qilingan Buxoro bosqini oqibatlarini quyidagicha tasvirlaydi: «Buxoroni bosib olish natijasida 34 guzar, 3 mingdan ortiq do’kon, 20 ta saroy, 29 ta masjid yonib xarob bo’ldi. Minorai kalonga ham zarar etib, Olimxon va Mir Arab madrasalari yonib ketdi… Hazrati Imom darvozasidan Guzari Nazargacha, Kofirobod, O’g’lon darvozasi, masjidi Kalon, zindondan To’qumdo’ziy hammomigacha, minora ostidan to So’zangaron dahasi, gul bozor, Lattafurushlar rastasi, Registondan to Puli oshiqonning boshigacha batamom yonib ketdi. Qarshi darvozasi ham yonib ketdi… Shaharda 3 mingga yaqin hovli yonib kul bo’ldi. Buxoro shahri qariyb 20 kun yongandi. Buxoroning shu darajada xarob bo’lganini hech bir tarix ko’rmagan edi». Buxoroliklar bu kunlarni «kichik qiyomat» deb aytishgan. Shaharga kirgan qizillar Arkdagi Amir xazinasini, Buxoro qozikaloni, qushbegi va boshqa amaldorlarining boyligini musodara qilganlar. Askarlar va qo’shin rahbarlari katta boylik orttirganlar. Turkiston inqilobiy harbiy byuro «uchligi»ning a’zosi A. Mashiskiyning 1920 yil sentabrda Leninga yozgan ma’lumotnomasida shahar markazi yakson qilinganligi, Registon va Ark yondirilgani, Ark yerto’lalaridagi va omborxonalaridagi boyliklar — oltin, kumush, brilliantlar talangani, bunda qizil armiya bevosita qatnashgani haqida xabar bergan. Sentabr oylarining boshida amirlik xazinasi va boshqa boyliklar ortilgan 2 eshelon yuk Toshkent orkali Moskvaga yo’l oldi. Qariyb 15 sentabrgacha davom etgan Buxoro talovini guvohi bo’lgan Turkkomissiya vakili G. Safarov o’z xotirasida: «Buxoroga kelgan qizil qo’shinlar eng avvalo talonchilik bilan shug’ullandilar. Ular hammani va hamma narsani taladilar. Umuman qizillar Buxoroni talash uchun kelgan edilar», deb yozgandi. Buxorodan so’ng qizillar amirlik tarkibidagi 27 beklikni ham birinketin egallashgan va bu bilan Buxoro xonligita barham berganlar, uning hududida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgan. Qizil askar nayzalari ostida qilich va o’t bilan «Buxoro inqilobi» amalga oshirilib, sobiq yosh buxorolik jadidlardan iborat Buxoro Xalq Nozirlar Sho’rosi (raisi Fayzulla Xo’jayev) tashkil topdi. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi. 2-kitob. O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida, T., 2000; Turkistan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T., 2000; O’zbekiston tarixi (19171991), T., 2000; Buxoro Sharq durdonasi (uzbek, frantsuz, ingliz, rus tillarida), T., 1997. Umar Rashidov, Qahramon Rajabov.