BUXORO «JAYRAN» EKOLOGIK MARKAZI

BUXORO «JAYRAN» EKOLOGIK MARKAZI — Buxoro viloyatida Kogon shahridan Janubdagi Momojurgoti platosi etagida joylashgan. O’rta Osiyoda noyob cho’l hayvon turlarini ko’paytirish va reintroduktsiyalashga ixtisoslashgan ilmiy ishlab chiqarish markazi. O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi tarkibiga kiradi. 1976 yilda tashkil etilgan. Maydoni 5145 gektar. 1977 yildan pitomnikka 42 bosh jayran (qoraquyruq) keltirilib, ularni ko’paytirish ishlari boshlandi (1987 yilda ularning soni 1200 taga yetdi va reja asosida qo’shni va boshqa hududlarga 600 boshdan ko’proq jayranni tabiatga erkin qo’yib yuborish imkonini berdi). Markazda 800 boshdan ziyod jayran bor (2001). Bu yerda jayran sonini tiklash bilan birga yo’rg’a tuvaloq, Kulon, qoplon, Buxoro bug’usi (xongul), Prjevalskiy oti kabi xalqaro va O’zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»lariga kiritilgan Nodir turlarni ham ko’paytirish, o’rganish, muhofaza qilish ishlari olib boriladi. Tadqiqotlar olib borish uchun 4 voler majmui qurilgan. Markaz hududida tabiiy sharoitda boshqa Nodir turlar — bo’z echkemar, olako’zan, yo’rg’a tuvaloq, marmar o’rdaklar uya qurib bolalaydi, bahor va kuzda birqozon, oqqushlar, qizilg’ozlar va ko’p yirtqich qushlar uchraydi. O’simliklardan shuvoqzorlar, saksavulzorlar, qandimzorlar bilan qoplangan qumloq, gilli va gipsli cho’l maydonlari mavjud. Markaz Janubda sun’iy ko’llar bor. Ular tuyoqli hayvonlarning suv ichish joyi bo’lib, juda ko’p suv qushlarini ham jalb qiladi. Markaz atrofi yirtqichlarning ichkariga o’tishiga to’sik bo’ladigan 2 metr balandlikda simto’r bilan o’ralgan.