BUXORO-SAMARQAND MUSIQA USLUBI
BUXORO-SAMARQAND MUSIQA USLUBI — Buxoro va Samarqand shaharlari va viloyatlari hududlarida qaror topgan muayyan musiqiy an’analar majmui. Qadimdan madaniyat maskanlari bo’lmish bu vohalarda xalq qo’shiq va cholg’u kuylari, mumtoz musiqa ijodiyoti namunalari keng o’rin tutadi. Ayniqsa, professional musiqa yo’nalishlarining xilma-xilligi va ular musiqa voqeligida keng yoyilganligi bilan ajralib turadi. O’ziga xos jihatlaridan yana biri — mazkur hududdagi o’zbek va tojik xalq musiqa an’analarining o’zaro yaqinligi, jumladan xalq qo’shiqchiligida ikki (o’zbek-tojik) tillilik an’anasining namoyon bo’lishi (ya’ni, ayrim xalq qo’shiklari, qo’shiq turkumlari ayni vaqtning o’zida ham o’zbek, ham tojik tillarida aytilishi)dir. Ikki tillilik an’anasi shu sarhadda yashab faoliyat ko’rsatgan ko’pgina shoirlar (xususan, Mujrim Obid, Abdullo Mulham Buxoriy, Fitrati Zardo’zi Samarqandiy va boshqalar) ijodida ham o’z aksini topgan. Qadimdan diniy ma’rifat, ma’naviyat o’choqlari sifatida tanilgan Buxoro va Samarqand shaharlarida kitobxonlik, g’azalxonlik, qissaxonlik, qalandarxonlik, maddohlik kabi o’quv yo’llari keng rivoj topgan. Turli yig’in, to’y va bayramlarda mavrigixonlar va sozanda dastalari tomonidan ijro etilayotgan raqs qo’shiqlar turkumlari alohida o’rin tutadi. Ommaviy qo’shiq janrlaridan erkaklarning qarsak (Beshqarsak) o’yin qo’shiqlari mashhur. Cholg’u ijrochiligi ham boy an’analarga ega. Bayram sayillari, musiqa tomoshalarida surnay nog’ora karnay ansambllari asosiy o’rin tutgan bo’lsa, turli yig’in majlislarda g’ijjak, Buxoro (afg’on) rubobi, dutor, nay, ayniqsa tanbur va boshqa sozlar ijrochiligi keng tarqalgan. Shuningdek, tanbur, nay va doira sozlaridan iborat bo’lgan cholg’u ansambli ham an’anaviy tus olgan. Professional musiqa yo’nalishlarida maqom va hofizlik san’atlari asosiy o’rinda turadi. Xususan, 18-asr o’rtalarida Buxoro saroy madaniyatida Shashmaqom turkumi shakllangan bo’lib, keyinchalik Xorazm maqomlari hamda Farg’onaToshkent maqom yo’llari shakllanishiga ta’sir o’tkazgan.