BUXORODA 1917 YIL APREL NAMOYISHI

BUXORODA 1917 YIL APREL NAMOYISHI — Amir Olimxonning islohotlar o’tkazish to’g’risidagi farmoni (manifesta) e’lon qilingan kunning ertasiga — 8 aprelda uyushtirilgan tadbir. Yosh buxoroliklar, aholining ko’pchilik qismi mamlakatda demokratik islohotlar o’tkazishni talab qilgan. Rossiyadagi muvaqqat hukumat, uning Buxorodagi vakili (rezidenti) ham Rossiyadagi 1917 yil Fevral revyasidan keyin Buxoroda islohotlar o’tkazish fursati etganini tushungan edilar. Amirning yuqori mansabdorlari, Islom dini ruhoniylarining mutaassib qismi islohotga qarshi edi. Amir manifestining e’lon qilinishi demokratik hamda konservativ kayfiyatdagi namoyishchilarning ko’chaga chiqishiga sabab bo’ldi. Demokratik doiralar Amir manifesti mamlakatda tinch yo’l bilan ijobiy o’zgarishlarni amalga oshirish uchun dastlabki qadam, deb karadilar. Shukrona namoyishi o’tkazishga qaror qilindi. «Yashasin islohot!», «Yashasin Amir!»— degan yalov (shior) lar ko’tarildi. Bir necha yuz kishi shahar markazi — passajdan Gavkushon va xiyobon orqali Registonga yurish boshlashdi. Namoyishchilar boshida F. Xo’jayev, Abdulvohid Burhonov, Otaxo’jayev, Mirbobo, Yusufzoda va boshqa faollar bordilar. Bir necha joyda qisqa mitinglar bo’ldi, namoyishchilarga yangiyangi guruh odamlar kelib qo’shildi. Namoyishchilarda ko’tarinki kayfiyat mavjud edi. Shu kuni konservatorlar va mutaassib guruhlar Registonda to’planib islohotga, yangiliklarga qarshi jangarilik va murosasizlik kayfiyatlarini ko’rsatdilar. Ba’zi amaldorlarga nisbatan, islohot tarafdorlariga qarata dushmanona dag’-dag’alar, hayqiriqlar qilindi. Ularning jazavasi soat sayin kuchayib bordi. Bunday murakkab vaziyatda ikki lagerning to’qnashuvi noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Demokratik namoyishchilar boshliqdari Registonga borish niyatidan qaytdilar, namoyishchilarni tarqalib ketishga da’vat qildilar. Tadbir oxirigacha etkazilmagan bo’lsada, u Buxoro amirligi demokratik o’zgarishlar, islohotlar uchun yetilganligini yaqqol ko’rsatdi. 8 aprel voqealarining yakuni shu bo’ldiki, hukumatda konservativ kuchlar yana ustunlikka erishdilar. Dovdirab kalgan Amir qozikalon Sharifjon Mahdumni lavozimidan bo’shatdi, g’azablangan mutaassiblar rais Abdusamadxo’jani olomon qilib o’ldirdilar, qushbegi Nasrullobek buyrug’i b-n shoir S. Ayniy, yosh buxoroliklar Mirbobo, Mirzo Nazrullo 75-150 kaltak urib jazolandilar. Islohotchilik harakatining bu bosqichi shunday noxush yakunlandi. Ad.: Fayzulla Xo’jayev, Tanlangan asarlar, 1J., T., 1976.; Ishanov A. I., Buxarskaya Narodnaya Sovetskaya Respublika, T., 1969. Rahmon Karimov.