BUYUK DAVLATCHILIK SHOVINIZMI

BUYUK DAVLATCHILIK SHOVINIZMI — ko’p millatli mamlakatlarda tarixiy taraqqiyot jarayonida davlatda yetakchi mavqeni egallagan, o’z millatini «oliy» millat deb e‘lon qilgan hukmron millat mafkurasi va siyosati, shovinizm va millatchilikning bir turi. Buyuk davlatchilik shovinizmi bir davlatning boshqa davlat yoki davlatlar ustidan siyosiy, mafkuraviy, iqtisodiy va harbiy hukmronligini o’rnatishga qaratilgan vayronkor nazariya va amaliyotdir. Milliy va ko’p millatli davlatlar hamda mustamlaka imperiyalari tashkil topayotgan davrda vujudga kelgan. Hukmron «buyuk» millatlar siyosati boshqa millat va elatlarni asoratga solish, ayovsiz ishlatish, iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda kamsitishga qaratilgan. Masalan, Rossiya imperiyasida yashovchi mazlum xalqlarga, jumladan Turkiston xalqlariga nisbatan Buyuk davlatchilik shovinizmiga asoslangan siyosat amalga oshirildi, ularning qadimgi madaniyati, ma‘naviyati, ilm-ma‘rifati, dini va urf-odatlari oyoq osti qilindi. Sho’rolar zamonida mazkur siyosat turli mafkuraviy usullar bilan, masalan, «baynalmilallik» shiori ostida davom ettirildi. Buyuk davlatchilik shovinizmi hamisha kuch ishlatishga, harbiy, iqtisodiy, siyosiy, ma‘naviy, mafkuraviy tazyiqqa, zo’ravonlikka asoslangani uchun ham millatlar va davlatlararo munosabatlarda ishonchsizlik va dushmanlik kayfiyatlarining chuqur ildiz otishiga sabab bo’ladi.