BUYUK XITOY TEKISLIGI
BUYUK XITOY TEKISLIGI, Shimoliy Xitoy tekisligi — Xitoyda, Osiyodagi eng yirik tekisliklardan biri. Sharqda Sariqdengiz sohili bo’ylab 1000 kilometrdan ortiq masofaga cho’zilgan. Shimoldan Yanshan tog’lari o’rab turadi, g’arbida tayxanshan tizmasining yon bag’ri tik tushgan. Maydoni 325 ming kilometr kvadrat atrofida. Yer yuzasi tekis, balandligi 100 metrgacha. Sharqida Shandun tog’lari joylashgan. Allyuviy jinslardan, g’arbiy tog’oldi polosasi qadimgi yoyilmadan tashkil topgan. Iqlimi subtropik mussonli iqlim, yozi nam, qishi esa quruq va sovuq. Tez-tez suv toshqinlari bo’lib turadi. Janubdan shimolga tomon Buyuk kanal o’tgan. Buyuk Xitoy tekisligi mamlakatning aholi eng zich joylashgan hududi. Bug’doy, paxta, sholi va boshqa ekinlar yetishtiriladi. Yirik shaharlari: Pekin, Tyantszin va boshqalar.