BYURAKAN ASTROFIZIKA RASADXONASI

BYURAKAN ASTROFIZIKA RASADXONASI — Armaniston Fanlar Akademiyasiga qarashli rasadxona. 1946 yilda Aragas shahrida tashkil topgan (rasmiy ochilish marosimi 1956 yilda o’tkazilgan); Byurakan qishlog’i yaqinida 1500 metr balandlikda joylashgan. Byurakan astrofizika rasadxonasida qator optik va radio teleskoplar mavjud. Astrofizik kuzatuvlar asosan 1948 yildan boshlangan. Yulduz assotsiatsiyalari kashf etilishi (1947) Byurakan astrofizika rasadxonasi ilmiy yo’nalishini belgilab berdi. Rasadxonaning hoz. asosiy ilmiy mavzui — Galaktika tarkibini o’rganish va u bilan bog’liq muammolarni (yulduzlarning kelib chiqishi va rivojlanishi kabi) hal etishdan iborat. Byurakan astrofizika rasadxonasida 1952 yil «Turli tipdagi tarqoq yulduz to’dalarining atlasi» nashr etildi. Rasadxonada yulduzlar va tumanliklar spektrlarini kuzatib o’rganish, diffuz va planetar tumanliklarni tekshirish va boshqa ishlar, radioastrofizika sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlari (radioteleskoplarni loyihalash va qurish, kuzatuv usullarini ishlab chiqish va takomillashtirish) keng ko’lamda olib boriladi.