CHALAXORDALILAR
CHALAXORDALILAR (Hemichordata) — umurtqasizlar tipi. Ilgari xordalilar kenja tipi sifatida qaralgan. Xordaga o’xshash organ — notoxordasi, jabra yoriklarining bo’lishi bilan xordalilarga o’xshab ketadi. Chalaxordalilar 2 yonlama simmetriyali, tselomik hayvonlar. Gavdasi 3 bo’lim: xartum, yoqacha va tanadan iborat. Har bir bo’limning o’z tsellomik xaltasi bo’ladi. Notoxorda — ichakning uchi berk o’simtasi Xartum uchun tayanch vazifasini bajaradi. Halqumda jabra yoriqlari joylashgan. Qon aylanish sistemasi organlari bo’ylama orqa va qorin qon tomirlaridan iborat. Orqa qon tomirining notoxorda ustidagi qismi kengayib, lakunar yurakni hosil qiladi. Nerv sistemasi teri epiteliysida joylashgan bo’lib, yoqacha bilan tanasi o’rtasidagi nerv halqasi va u bilan bog’langan orqa hamda qorin stvollaridan iborat. Ayirish organlari — juft tselomoduktlar Xartumda va yoqachada joylashgan. 2 sinfi: ichak bilan nafas oluvchilar va qanot jabralilar bor.