CHATURANGA

CHATURANGA (sanskritcha Chatur — to’rt, anga — qism) — miloddan avvalgi Hindistonda paydo bo’lgan tafakkur o’yini. Qadimgi Hindistonda qo’shin 4 qismga bo’lingan: jang aravadagilar, filbonlar, otliq va piyoda askarlar. Chaturanga sipohlari qo’shin qismlarini ifodalagan. Qo’shinning har bir qismini rojalar boshqargani uchun Chaturanga «chaturroja» deb ham atalgan. Chaturangada 32 ta (16 tadan oq va qora) sipoh 64 ta oqqora katakli taxtaning 4 chetiga 8 tadan terilgan va 4 kishi (2 tadan bo’lib) o’ynagan. Yurishlar shashxol tashlash bilan amalga oshirilgan (6 xolli tomon tushsa shoh, 5 xolli tomon tushsa farzin yurilgan va hokazolar) O’yin raqiblarning barcha sipohlarini (shu jumladan, shohni ham) urib olinguncha davom etgan. 5-6-asrlarga kelib Chaturanga o’yin qoidalarining o’zgargan turi chatrang (Shatrang) deb nomlangan. Chatrangda sipohlar o’yin taxtasining 2 tomoniga terilgan va 2 kishi o’ynagan. Yurishlar shashxolsiz amalga oshirilgan va o’yinning maqsadi shohni mot qilish bo’lgan.