CHAURASIYA

CHAURASIYA (Chaurasia) Pandit Xariprasad (1938.1.7, Ilohobod, Hindiston) — hind sozandasi (bansuri nay), zamonaviy hind mumtoz musiqa maktabi vakili. 1957 yildan Hindiston radiosi (Kataka shahri) da sozanda va bastakor, keyinchalik Bombayda yashagan. Chaurasiya Shimol (xindustani) va Janub (karnatak) Hindiston mumtoz musiqa uslublarini o’zlashtirib, raga, txumri, dadra, xayal kabi janrlar ijrochiligida birinchi bo’lib bansuri nayni qo’llagan. Ijro uslubi noyob mahorati, virtuoz texnikasi bilan ajralib turadi. Ijrolari o’nlab gramplastinka va kompakt disklarga yozilgan. Osiyo (jumladan, 1975 va 1977 yillarda O’zbekistonda ham), Yevropa va Amerika mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. Sangit Natak akademiyasi a’zosi (1984), Hindistonning eng yuqori (Padma Bxushan, 1992; Padma Vibxusan, 2000) mukofotlari bilan taqdirlangan.