CHERNIGOV VILOYATI

CHERNIGOV VILOYATI — Ukraina tarkibidagi viloyat. 1932 yil 7 oktabrda tashkil etilgan. Maydoni 31,9 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1199,1 ming kishi (2004), asosan, ukrainlar, shuningdek, rus, belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 42%. 22 ma’muriy tumanga bo’lingan, 15 shahar, 31 shaharcha bor. Yirik shaharlari: Chernigov, Priluki, Nejin. Markazi — Chernigov shahri. Chernigov viloyati Dneprning chap irmog’i — Desna daryosi havzasida joylashgan. Yer yuzasi tekislik, shimoli sharqdan Janubi g’arbga tomon qiya. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yozi iliq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -6°, -8°; iyulniki 19-20°. Yiliga 500-600 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 190— 200 kun. Asosiy daryosi — Desna. Mayda kul ko’p. Shimol qismida chimli podzol, qumli, qumloq, Janubda qoratuproq tuproqlar keng tarqalgan. Viloyat hududining 1/5 qismi o’rmon (qarag’ay, grab, dub, juka). O’rmon va o’rmonli dasht hayvonlari uchraydi. Viloyatda bir qancha neft konlari ochilishi natijasida neft, neftni qayta ishlash sanoati tarmoklari vujudga keldi. Chernigov viloyati torf zaxiralari bo’yicha mamlakatda oldingi o’rinlardan birini egallaydi. Temirruda, fosforit, mergel konlari bor. Yengil sanoat yetakchi o’rinda. To’qimachilik, trikotaj, tikuvchilik korxonalarining salmog’i katta. Mashinasozlik va metallsozlikda qishloq xo’jalik mashinalari, yong’inga qarshi asbob-uskunalar, avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish tajriba-eksperimental, maxsus qirqish asboblari, ta’mirlash zdlari ishlab turibdi. Kimyo va neft kimyosi sanoatlari («Ximvolokno» ishlab chiqarish birlashmasi, plastmassa, lok va bo’yoq korxonalari) vujudga kelgan. Mebel, musiqa asboblari (pianino) ishlab chiqarish korxonalari, texnik qog’oz fabrikasi bor. Yig’ma temirbeton konstruktsiyalar, tunuka materiallar, g’isht ishlab chiqariladi. Go’sht, moysir, sut, shakarqand, pivo, kraxmalqiyom zavodlari faoliyat ko’rsatadi. Sabzavotni qayta ishlash rivojlangan. Viloyat qishloq xo’jalik kartoshka, don, qand lavlagi, uzun tolali zig’ir, sabzavot yetishtirish va sut-go’sht chorvachiligiga ixtisoslashgan. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerlar viloyat hududining 70% ga yaqinini tashkil etadi. Don, kartoshka, texnika va ozuqa ekinlari ekiladi. Yaylov va pichanzorlar 30% ga yaqin maydonni egallaydi. Jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida qoramol, cho’chqa, qo’y va echki boqiladi. Temir yo’l uzunligi 900 kilometrga yaqin. Qattiq qoplamali avtomobil yo’llari uzunligi 4 ming kilometr chamasida. Dnepr va Desna daryolarida kema qatnaydi. Havo yo’li rivojlangan. 2 pedagogika instituti, 8 muzey, tarixiy-me’moriy muzeyqo’riqxona, 2 teatr bor.