CHIDAMLILIK

CHIDAMLILIK (texnikada) — buyumlar, mashina va mexanizmlar, bino va inshootlarning muayyan muddatgacha, ya’ni ma’lum chegaraviy holatgacha ishga yaroqliligini saklash xossasi. Buyumlarning Chidamlilik darajasi ularning qanday materialdan yasalganligiga, ularni saqlash va ishlatish sharoitlariga bog’liq bo’ladi. Buyumlarni shartli ravishda ta’mirlanadigan (tuzatib turiladigan) va ta’mirlanmaydigan (buzilganidan keyin tashlab yuboriladigan) turlarga bo’lish mumkin. Ta’mirlanadigan buyumlar (uy-ro’zgor buyumlari, gaz va elektr asboblari, soatlar va boshqalar) ning ma’lum chegaraviy holati (ya’ni Chidamlilik chegarasi) ularning eskirishi, teztez ishlamay qolishi yoki tuzatish uchun sarflanadigan mablag’ning o’zini oqlamasligi bilan belgilanadi. Ayrim hollarda buyumlardan foydalanish qoidalarining buzilishi, xavfsizlik texnikasiga rioya qilmaslik ham ularning Chidamlilik chegarasiga ta’sir qiladigan omillar hisoblanadi. Buyumlarning ma’naviy eskirishi (yangiyangi rusumli, dizayni yaxshilangan buyumlarning ishlab chiqarilishi) ham ularning chegaraviy holatini belgilaydi. Ta’mirlanmaydigan buyumlar (masalan, yoritish lampalari, tishli g’ildiraklar va boshqalar) Chidamliligi uchun chegaraviy holat ularning ishdan chiqishi (masalan, lampochka tolasining kuyishi, shesternya tishining sinishi va boshqalar) bilan bog’liq bo’ladi va ularni tashlab yuborishga to’g’ri keladi. Bino va inshootlarning Chidamliligi deganda ularning talab etiladigan foydalanish ko’rsatkichlarini saqlagan holdagi xizmat muddati tushuniladi. Bunday Chidamlilik ma’naviy va jismoniy turlarga bo’linadi. Ma’naviy Chidamlilik — bino va inshootlarning o’zgaruvchan foydalanish shartlariga yoki xavfsizlik va estetika talablariga javob bermay qolguncha bo’lgan xizmat muddati. Bu muddatni o’tab bo’lgan bino yoki inshoot (masalan, turar joy binosi yoki ko’prik) mukammal (kapital) ta’mirlashdan chiqariladi yoki buzib tashlanadi. Jismoniy Chidamlilik mexanik zo’riqish (nagruzka) va fizikkimyoviy omillar ta’sirida bo’lgan asosiy yuk tushuvchi konstruktsiya yoki elementlar (masalan, binoning poydevori, sinch devori, ko’prikning ustuni va boshqalar) ning yemirilishi bilan belgilanadi. Bino va inshootlar bunday ahvolga tushmasligi uchun maxsus izolyasiya materiallari qo’llanadi, poydevorlarga qora moy surkaladi, binolar vaqti-vaqti bilan tezlab turiladi, ko’priklarning yemirilgan ustunlari almashtiriladi, foydalanishga doir qoidalarga qagiy rioya qilinadi va boshqalar. Shunda bino va inshootlarning xizmat muddati uzayadi. Davlat standartlashtirish tashkilotlari tomonidan bino va inshootlar uchun qurilish me’yorlari va qoidalari belgilab qo’yiladi. Bu me’yorlar va qoidalarga ko’ra, O’zbekistonda bino va inshootlarning xizmat muddati (vazifasi, qurilgan joyi va boshqalarga ko’ra) kamida 20 yil, 50 yil va 100 yil qilib belgilangan. Buyumlar, mashina va mexanizmlar, bino va inshootlarning Chidamlilik xossalarini o’rganish, bu xossalarni yaxshilash, xizmat muddatini uzaytirish chora-tadbirlarini ko’rish davlat miqyosidagi muhim ish hisoblanadi. Bu ishlar bilan maxsus tashkilotlar, ilmiy tadqiqot muassasalari, standartlashtirish va sertifikasiyalash idoralari shug’ullanadi. CHIJ (Spinus spinus) — chumchuqsimonlar turkumining sa’valar urug’iga mansub qush. Vazni 11 — 14 gramm. Narining ko’kragi sariq, boshining usti qora. Modasi kulrangqo’ng’ir, dog’lari bor. Tumshug’i qisqa. Yevropa, G’arbiy Osiyo, G’arbiy Sibir va uzoq Sharqning qayin, qarag’ay va boshqa daraxtlar o’sadigan aralash o’rmonlarida, ayniqsa, tog’li joylarda keng tarqalgan. Baland daraxtlarning qalin shoxlarida uya yasaydi; 3-6 ta tuxum qo’yib, modasi 12-14 kun bosadi. Asosan, o’simlik urug’lari, ba’zan hasharotlar bilan oziqlanadi. Yashash arealining Janub qismi tashqarida — Shimoliy Afrika, Iroq, Janubiy Xitoyda ham qishlaydi. Ba’zan, O’rta Osiyo (goho Toshkent, Bishkek, Olmaota kabi shahri)da ham uchraydi.