CHIG’ANOQ
CHIG’ANOQ — ko’pgina umurtqasiz hayvonlarning tanasini qoplab, himoya funktsiyasini bajaruvchi skelet tuzilmasi. Odatda, Chig’anoq tanaga zich yopishib turmaydi va undagi teshikdan organizm qisman tashqariga chiqishi mumkin. Asosan, kaltsiy karbonat yoki qum, diatomlar zirhi, bulutlar ignasi va boshqa aralashgan organik moddalardan iborat. Chig’anoq ba’zi bir hujayrali hayvonlar, ko’pchilik mollyuskalar, shuningdek, bo’g’imoyoqlilar va yelka oyoqlilar uchun xos. Chig’anoq yaxlit yoki bir necha kamerali bo’ladi. Kattaligi 50 mkm dan (foraminiferada) bir necha santimetrgacha. Mollyuskalar chig’anog’i (Chig’anoq bilan tana oralig’ida mantiya bor) 3 qavatdan iborat: tashqi muguz qavat — periostrakum organik modda (konxiolin)dan, o’rta qavat — ostrakum konxin bilan birikkan va Chig’anoq yuzasiga tik joylashgan ohakli shpat yoki aragonit prizmachalardan, ichki qavat — gipostrakum (sadafli qavat) konxin bilan birikkan aragonite (bir-biriga yopishgan) plastinkalardan tashkil topgan. Mollyuskalar chig’anog’i shakli hamda kattaligi turlicha (tridakna chig’anog’i 1,7 metrcha, og’irligi 250 kilogrammcha), zirxli mollyuskalar chig’anog’i bir necha plastinkali bo’ladi. Mollyuskalar chig’anog’idan xo’jalik va ziynat buyumlari tayyorlanadi. Ba’zi bir xujayrali qayvonlar chig’anog’i to’planishidan cho’kindi tog’ jinslari, mollyuskalarnikidan esa ohak va boshqalar hosil bo’ladi.