CHIMYON ADIRI
CHIMYON ADIRI — Farg’ona viloyati hududidagi adir. Farg’ona botig’ining Janubda joylashgan. Shimoldan Yormozor, Janubdan Vodilchimyon adir orasi botiqlari bilan tutashgan. G’arbdan sharqqa 25 kilometrga cho’zilgan. Eng baland joyi 856 metr. Shimol yon bag’ri qiyaroq. Chimyon adirlari yon bag’irlari ko’plab quruq soy o’zanlari va jarliklar bilan zich o’yilgan. Tektonik jihatdan braxiantikli nal struktura. Paleogen, neogen va quyi to’rtlamchi davr qumtoshlari, gillari, konglomeratlari, qum, shagal toshlar va lyosslardan tashkil topgan. Chimyon adirlari to’rtlamchi davrda yangi tektonik harakatlar ta’sirida ko’tarilgan. Iqlimi kontinental, yiliga 250— 300 millimetr yog’in tushadi. Bo’z tuproqlar tarqalgan. Ularda rang, qo’ng’irbosh, shaytonkovush va b. o’simliklar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan kalamush, qo’shoyoq, bo’rsiq, jayra, kaltakesak, ilon va boshqalar uchraydi. Adir hududi yaylov sifatida foydalaniladi.