CHIRIKRABOT
CHIRIKRABOT — sak qabilalaridan bo’lgan opasiaklar shahrining xarobasi (miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalari). Jangadaryo bo’yi (Qizilqum)da joylashgan. Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi (1948-49), Yu.A. Rapoport rahbarligidagi arxeologiya otryadi (1957-58) tekshirgan. Chirikrabot qal’asi tuxumsimon tepalik (balandligi 15 metr) ustiga qurilgan, maydoni 850×600 metr. Atrofi kvadrat shaklidagi g’ishtdan (30x30x9 santimetrdan 50x50x5 santimetr) ko’tarilgan. Ichki va tashki devor bilan uralgan. Devor tashqarisidan qal’ani aylantirib xandaq (kengligi 40 metr, chuqurligi 4,5 metr) qazilgan. Chirikrabotning eng qadimgi yodgorliklari mozorqo’rg’onlardir, ulardan 6 tasi ma’lum. Mozorqo’rg’onda 10 ga yaqin qabr ochilgan. Qabrlarga jasadlar chalqancha, boshlari shimoli g’arbga qaratib yotqizilgan. Mozorqo’rgondan miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalariga oid bir necha sopol bo’laklari, yassi dastali temir qilich, 3 qirrali jez o’q uchlari va mayda oltin buyumlar topilgan. Shaxarning Janubiy Sharqiy tomonida joylashgan qadimgi yodgorliklardan yana biri xom g’ishtdan qurilgan, doyra shaklidagi maqbara (diametri 38,5 metr, balandligi 8,4 metr) xarobasi bo’lib, kvadrat shaklidagi 4 xona (har biri 5,9X5,9 metr) dan iborat. Maqbaradan temir xanjarlar, pichoqlar, oltin va kumushdan yasalgan qo’ng’iroqchalar, turli taqinchoqlar chiqqan. Sopol buyumlarning aksariyati miloddan avvalgi 3-1-asrga oid.