CHITA

CHITA — Rossiya Federatsiyasi Chita viloyatidagi shahar (1851 yildan), viloyat markazi. Chita daryosining Ingoda daryosiga quyiladigan joyda. Transport yo’llari chorrahasi. Aeroport bor. Aholisi 316,6 ming kishi (2002). Chita Sharqiy Sibirning muhim sanoat va madaniyat markazi. Mashinasozlik va metallsozlik (mashinasozlik, avtomobil yig’uv, stanoksozlik va boshqa zavodlar), mebel, yog’ochsozlik, yengil (kamvol—movut va ko’n poyabzal kombinatlari, xrom teri zavodi, po’stin— mo’yna fabrikasi), oziq-ovqat (un, go’sht va sut kombinatlari), qurilish materiallari sanoati bor. Qo’ng’ir ko’mir qazib olinadi. Issiqlik elektr markazi mavjud. 3 oliy o’quv yurti, 2 teatr, o’lkashunoslik muzeyi va badiiy muzeylar ishlab turibdi. Chita Ingodinskoe zimove posyolkasi sifatida 1653 yildan ma’lum. 1690 yildan Sloboda — soliq va boshqa majburiyatlardan ozod qilinganlar qishlog’i (1706 yildan u Chita slobodasi deb atala boshlagan). 1851 yildan shahar va Zabaykale viloyati markazi. 1920— 22 yillarda uzoq Sharq Respublikasi poytaxti. 1922 yildan Zabaykale gubernyasi markazi, 1926-37 yillarda Zabaykale o’lkasidagi okrug markazi.